• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +23°C
Detail image

Prezident raisligida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” unda ilgari surilgan muhim tashabbus va vazifalarni bir joyga jamladi.


9 ta viloyat mutasaddilariga hayfsan berildi

“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi bo‘yicha Andijon va Xorazmda yaxshi ketayotgani ta’kidlanib, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning e’tiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani tanqid qilindi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha Farg‘onada 80 ta, Samarqandda 36 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Namanganda 14 ta uyni foydalanishga topshirish cho‘zilib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu sabab, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi va vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berildi.


Rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholi ham ipoteka krediti oladi

Davlat rahbari qurilish hajmlarini o‘z vaqtida ta’minlash har bir viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘sishiga katta turtki berishini ta’kidladi.

Shu sabab, aholi va quruvchilar uchun yangi yengillik va imkoniyatlar yaratilishi ta’kidlandi. Bunda, ipoteka krediti va subsidiya bilan ko‘proq aholi qamrab olinadi.

Xususan, 1-maydan rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi.

Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi.

Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi.

Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.


Tijorat banklariga uy-joy ipotekasi uchun 9 trln so‘mlik resurs yo‘naltiriladi

2023-yilda tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trln so‘mlik resurs yo‘naltirilib, dastlabki badal uchun va foizlarni qoplashga 1,6 trln so‘m subsidiya ajratiladi.

Ipoteka kreditiga resurs berish va qurilish korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun $100 mln va 1 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Yana 20 ming oilaga banklar hisobidan 5,7 trln so‘m ipoteka krediti ajratilishini ta’minlanadi.

10 ming aholiga o‘zining hovlisini kengaytirish yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun 1,5 trln so‘m kredit ajratiladi.

Shuningdek, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali aholiga 5,5 mingta xonadon sotib olishlari uchun qo‘shimcha 1,7 trln so‘m kredit resurslari yo‘naltiriladi.

Tijorat banklari balansida ipotekadan qaytishi kerak bo‘lgan mablag‘larni aktiv sifatida ishlatib, ipoteka obligatsiyasini chiqarish orqali qo‘shimcha 10 trln so‘m resurs jalb qilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga ikki oy muddatda “Ipoteka obligatsiyasi to‘g‘risida” qonun loyihasini kiritishga ko‘rsatma berildi.


“Mening birinchi uyim” dasturi doirasida Zangiotada 58 ta ko‘p qavatli uy-joy quriladi

Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” dasturi boshlanishi sabab Qurilish vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladi.

Unga Zangiota tumanidan 36 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu hududni kompleks rivojlantirish loyihasi ishlab chiqiladi.

Ushbu hududda 2,5 ming oilaga mo‘ljallangan, barcha standartlarga javob beruvchi qulay va energiya tejamkor 58 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi.

Mazkur uylardagi 2 va 3 xonali xonadonlar uchun oylik to‘lov miqdori amaldagi subsidiyali ipoteka to‘lovlaridan arzon bo‘ladi.

Qurilish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligiga bir hafta muddatda “Mening birinchi uyim” shaharchasining master rejasini yakunlash, loyihani ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish topshirildi.


Ayrim qurilish materiallari uchun bojxona boji bekor qilinadi

Yig‘ilishda aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash uchun qurilish tannarxini pasaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shu maqsadda, 2025-yilga qadar yog‘och, fanera, yog‘ochli opalubka va oynani import qilishda bojxona bojini bekor qilinadi.

Bundan tashqari, yuqori markali sement bo‘yicha bojxona boji imtiyozini yana 1 yilga uzaytirish belgilandi. Buning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5%gacha pasayishi qayd etilgan.

Shuningdek, quyidagi topshiriq va vazifalar belgilandi:

  • pudrat tashkilotlariga qurilayotgan uyni qavatma-qavat garovga qo‘yish va har bir qavati uchun kredit olish huquqini berish;
  • banklar beradigan kreditlarni davlat tomonidan qayta moliyalash amaliyotini davom ettirish;
  • quruvchilarga kafillik va kompensatsiya to‘lash tartibini takomillashtirish.

Aholiga o‘z uyini energiya tejamkor materiallardan foydalanib ta’mirlashiga 10 yilga 16,5%dan 80 mln so‘mgacha kredit berishga qaror qilindi.


“Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Yig‘ilishda qurilayotgan uy-joylarni kommunikatsiya bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Yo‘li, transport qatnovi oxirigacha hal qilinmagani uchun ko‘plab xonadon sotilmasdan turgani ta’kidlandi.

Infratuzilma obyektlari joylashadigan yerlarni aniqlash kechikkani, loyihalar bir necha bor o‘zgargani sababli ayrim yangi massivlarda suv va oqova tarmog‘ini qurish ishlari orqada qolmoqda.

Shu sabab viloyat hokimlariga hozirda qurilayotgan massivlarda ichki yo‘llar bilan shaxsan shug‘ullanish topshirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tgan yil qurilgan uy-joylar infratuzilmasi bilan bog‘liq barcha moliyaviy masalalarni to‘liq hal qilish vazifasi berildi.

Bu yilning o‘zida ipoteka dasturlari doirasida quriladigan uylar infratuzilmasiga zarur bo‘lgan yana 800 mlrd so‘m bo‘yicha moliyaviy manbalarni aniqlash topshirildi.

Aholi zichligi past, eski uylari ko‘p va uy-joyga talab yuqori bo‘lgan shaharlarda renovatsiya dasturiga talab ortayotgani qayd etildi.

Renovatsiyaning mustahkam huquqiy poydevorini yaratish zarurligi ta’kidlanib, “Renovatsiya to‘g‘risida"gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun alohida ishchi guruhi tuzilishi xabar qilindi.

Ishchi guruh xorijiy tajriba asosida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi Qonun loyihasini ishlab chiqadi.


Tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertizasi majburiy o‘tkaziladi

Qurilishlarning sifatiga ta’sir qiluvchi temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘q.

O‘tgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo‘yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.

Shu bois, mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash topshirildi.

So‘nggi oylarda dunyoda ham, mintaqada ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois, 1-maydan boshlab:

  • qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘ladi;
  • ko‘prik, tonnel, ko‘p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Yog‘ingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi bo‘yicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.

Ўхшаш янгиликлар