• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +26°C
Detail image

“IT Park” tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning BPO bo‘yicha dunyo va O‘zbekiston tajribasi haqidagi maqolasini e’lon qildi.


O‘zbekiston paxta eksporti bo‘yicha hech qachon yetakchi bo‘lmagan, biroq xorijliklar mamlakat nomini eshitganda, ko‘pincha shu haqda o‘ylashadi.

Buni yaqin-yaqingacha paxta mamlakatning xorijga sotgan asosiy tovari bo‘lganligi bilan izohlash mumkin (ko‘rsatkich aql bovar qilmas daraja — 70%ga yetdi).

So‘nggi yillarda paxta ulushi pasayib bormoqda va hozirda 10% dan kamroqni tashkil etadi, ammo tushuncha hali-hanuz saqlanib qolgan.

Biroq, ushbu holat tez orada o‘zgarishi mumkin, negaki O‘zbekiston agrar davlatdan postindustrial davlatga o‘tmoqda.

Bu yo‘lda BPO sohasi mamlakatni xalqaro bozorlarda tanitadigan omilga aylanishi mumkin. Jarayon allaqachon boshlangan.

Global BPO bozori

Autsorsing 20-asrning o‘rtalarida, kompaniyalar ayrim vazifalarni autsorsingga yo‘llash arzonroq va osonroq ekanligini tushungan onda paydo bo‘ldi.

IT-autsorsing 1980-yillarda yuzaga kelgan. Ilk keys “Kodak” bo‘lib, u ma’lumotlar markazini o‘zi boshqarish o‘rniga jarayonni “IBM"ga autsorsing xizmati sifatida topshirdi.

Dastlabki yillarda, autsorsing bir kompaniya aniq muddatga ega bo‘lgan aniq loyiha uchun boshqasini jalb qilishi bilan cheklanar edi.

Keyinchalik kompaniyalar boshqa kompaniyalarga biznes sohalarini to‘liq topshirishni boshladilar.

2023-yilga kelib, BPO bozori $261,9 mlrd.ga baholanmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2031-yilga borib, ko‘rsatkich $525,2 mlrd.ni tashkil etadi.

Asosiy yo‘nalish — mijozlarga xizmat ko‘rsatish (30%). U, asosan, qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va qo‘ng‘iroq markazlarini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, logistika, inson resurslari, ma’lumotlarni qayta ishlash, xaridlar, marketing va buxgalteriya hisobi bo‘yicha autsorsing turi ham keng tarqalgan.

Xullas, asosiy biznesga zarar yetkazmasdan boshqa kompaniyaga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan barcha sohalarni autsorsingga yo‘naltirish mumkin. Asosiy bozor esa Shimoliy Amerika hisoblanadi.

O‘zbekistonning BPO bozori

O‘zbekistonning BPO xizmatlariga dunyoda talab mavjud. Ko‘rsatkich o‘sib bormoqda

Mamlakatda ilk BPO kompaniyalari 2000-yillarning o‘rtalarida paydo bo‘lgan, ammo keskin o‘sish so‘nggi yillarda boshlangan.

AQSh logistika bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bir nechta kompaniyalarning muvaffaqiyat hikoyalari sifatida boshlangan jarayon endi o‘ziga xos sanoatga aylanib bormoqda.

Shunday qilib, 2021-yilda mamlakatda 45 ta kompaniya bor edi, bir yil o‘tib esa ularning soni 164 taga yetdi.

2022-yilda 17 ta yangi BPO markazlari ochilib, ularda 450 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan.

Shu sabab, o‘tgan yili IT-xizmatlarining $140 mln umumiy eksport ko‘rsatkichidan $65,1 mlni BPO xizmatlariga to‘g‘ri keldi.

Asosiy xaridor AQSh hisoblanadi. Shimoliy Amerika BPO sohasiga bo‘lgan talab dunyoda eng yuqori bo‘lgan mamlakat ekan, talab bundan keyin ham o‘sishda davom etishi kutilmoqda.

Bu biznes jarayonlari autsorsing kompaniyalariga “IT Park” rezidentlari bo‘lishga ruxsat berilib, BPO sohasiga bir necha yil oldin tikilgan garov o‘zini oqlamoqdami degan savolga qisman javob.

Shu tufayli, kompaniyalarda endilikda quyidagi imkoniyatlar mavjud:

  • jihozlangan ofis;
  • barcha turdagi soliqlar va bojxona to‘lovlaridan to‘liq ozod bo‘lish;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi pasaytirilishi — 7,5%;
  • xorijiy kompaniyalar uchun dividendlar bo‘yicha soliqni 5% gacha kamaytirish;
  • xodimlarni tanlashda yordam va boshqalar.

bpo.mitc.uz saytida O‘zbekistonda BPO kompaniyasini yaratishning afzalliklari keltirilgan hamda u orqali ariza yuborish ham mumkin.

Xalqaro hamkorlik doirasida “Huawei” va “ZTE” kompaniyasi BPO markazlarini yaratishda ishtirok etmoqda.

Ularning qiziqishi sohaning istiqbolidan dalolat beradi, negaki bu kabi yirik xalqaro kompaniyalar har qanday sarmoyani sinchkovlik bilan tahlil qiladilar va hech qachon samara bermaydigan joyga pul tikmaydilar.

Ayni paytda “IT Park” Jahon banki bilan “Uzbekistan Digital inclusion” loyihasi ustida ishlamoqda.

Bu orqali zarur ko‘nikmalarga o‘rgatish, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, O‘zbekistonni autsorsing markazlari joylashgan manzil sifatida targ‘ib qilish amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “American Access Capital Management Corp” bilan birgalikda tashkil etilayotgan qo‘shma BPO korporatsiyasi sohada 1100 ta ish o‘rni yaratadi.

Natijada 2023-yilda IT-xizmatlar eksporti hajmi $300 mln.ga, eksport qiluvchilar soni esa 500 taga yetish imkoni yaratilishi kutilmoqda.

XX asr “paxtasi”

Postindustrial davr o‘zi bilan ko‘plab o‘zgarishlarni olib keldi. Elektr transport vositalari, robototexnika va muqobil energiyaga talab ortib borayotgani misni “yangi oltin"ga aylantirmoqda.

Biznes jarayonlari autsorsingiga ortib borayotgan talab, qulay sharoitlar va mavjud istiqbollar O‘zbekistonda BPO sohasini “yangi paxta” timsoliga aylantirmoqda.

To‘g‘ri, BPO bevosita IT bilan bog‘liq emas, lekin u texnologiyaga asoslangan va mamlakatning inson kapitalidan foydalanadi.

Sohada yaxshigina haq to‘lanadi. 2022-yilda o‘rtacha oylik $600 dan $1300 gacha yetgan. Taqqoslash uchun, mamlakatda o‘rtacha ish haqi esa $350ni tashkil etgan.

Umuman olganda, IT-autsorsing eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri, ammo hali qilinadigan ishlar talaygina, masalan, hech bo‘lmaganda asosiy raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan odamlar sonini ko‘paytirish lozim.

Agar shu va boshqa masalalarni hal qilish mumkin bo‘lsa, O‘zbekistondagi BPO ham xuddi paxta kabi, yaqin yillarda millionlab odamlarni ish bilan ta’minlashi mumkin.

Avvallari BPO sohasida 10 ming kishi faoliyat yuritgan, hozirda esa ularning soni 5 mlndan ortiq kishiga yetgan Hindiston bunga yaqqol misol bo‘la oladi.


2022-yili Buxoro, Jizzax hamda Navoiyda masofaviy xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etilgandi.

Shuningdek, AQShning “Revotech” kompaniyasi bilan $20 mlnlik memorandum imzolangan."ZTE" kompaniyasi esa mamlakatdagi yangi BPO markazlar uchun $100 ming ajratadi.

Ўхшаш янгиликлар