• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18.1°C
Detail image

1-aprel kuni ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2024/2025 o‘quv yilidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur maktablarda quyidagilar tashkil etiladi:

  • o‘quvchilarning yaratuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar;
  • amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etishda ko‘maklashish;
  • o‘quvchilarni ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish va Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan loyihalar bilan tanishtirish;
  • “Yosh akademiklar” klublari.

Har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, IT, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovi o‘tkaziladi.

Farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarni muhandislik asoslariga o‘rgatish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

Bu tajriba-sinov tarzida “Yangi O‘zbekiston” universitetining bakalavriat ta’lim dasturlari bilan o‘zaro integratsiyalashgan holda amalga oshiriladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

Muhandislik dasturlariga tanlov umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining matematika, mantiqiy fikrlash, informatika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha qobiliyati bor 6-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur maktab bitiruvchilariga o‘qishni universitetning tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 2-bosqichdan davom ettirish huquqi beriladi.

Buning uchun bitiruvchilar muhandislik ta’lim dasturlarini yetarli darajada o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.

Ўхшаш янгиликлар