• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +24°C
Detail image

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha 2024-yil uchun vazifalarga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Unda davlat rahbar joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishini ta’kidladi.

Energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun yangi quvvatlarga mos tarmoqlarni qurish, elektr saqlash qurilmalarini o‘rnatish, zarur materiallarni ishlab chiqarishni reja qilib, hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, quyidagilarni amalga oshirish mo‘ljal qilib olindi:

  • kelgusi 3 yilda 8 gigavattli 28ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish;
  • 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6ta yirik podstansiyani qurish;
  • jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18ta elektr saqlash quvvatlarini o‘rnatish.

Mamlakatda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10−12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli ekani ta’kidlandi.

“Yashil energiya” manbalarini barpo qilish bo‘yicha yurtimizda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kungacha sohaga $2,1 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana $13 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Deyarli barcha viloyatlarda quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi.

Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirildi. Ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari o‘rnatildi.

Natijada qo‘shimcha 5 mlrd kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 mlrd kub metr gazni tejash imkoniyati yaratildi.

2024-yilda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15%ga yetishi kutilmoqda. Natijalar bilan birga, mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada joriy yil uchun dastlabki rejalar yetarli emasligi qayd etildi. Mutasaddilar o‘tgan yildan saboq chiqarib, bu yo‘nalishda ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natija ko‘rsatishi kerakligi ta’kidlandi.

Avvalroq “Yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar soliqqa tortilmasligi ma’lum qilingandi. Muqobil elektr energiyasini tizimga ulash faqat maxsus vakolatli organda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Ўхшаш янгиликлар