• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +26.9°C
Detail image

Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Jahon banki ishtirokida “Soliq maʼmuriyatini isloh qilish” loyihasi parametrlarini tasdiqladi. Qaror bilan Lex.uz qonun hujjatlari maʼlumotlar bazasida tanishish mumkin.

Jahon banki direktorlar kengashi oʻtgan yilning iyun oyida Oʻzbekistonga 30 yil muddatga, jumladan, 5 yillik imtiyozli davr bilan $60 mln lik kredit ajratishga qaror qilgan edi. Mablagʻlar Jahon bankining bir qismi boʻlgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi orqali ajratiladi.

Loyiha 5 yil — 2022−2027-yillarga moʻljallangan. Uning asosiy maqsadlari:

  • soliqlarni hisoblash va toʻlash jarayonlarini avtomatlashtirishni 90% ga yetkazish;
  • soliq organlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sonini koʻpaytirish orqali tadbirkorlikni elektron xizmatlar bilan toʻliq qamrab olish;
  • QQSni undirish jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish hisobiga qoʻshilgan qiymat soligʻini undirishni 75% gacha oshirish;
  • soliq toʻlovchilar tomonidan soliq hisobotlarini tayyorlash hamda topshirish va soliqlarni toʻlash uchun sarflangan vaqtni ikki baravar qisqartirish.

Loyihani muvofiqlashtirish va kreditdan foydalanish uchun Davlat soliq qoʻmitasi masʼul boʻlib, loyihani amalga oshirish boʻyicha guruh tuzadi.

Respublika byudjeti qarzni toʻlash, foizlar, komissiyalar va kreditga xizmat koʻrsatish xarajatlarini toʻlashni, shuningdek, bojxona toʻlovlari, soliqlar (ish haqi bundan mustasno) va yigʻimlarni qoplashni oʻz zimmasiga oladi. Oʻzbekistonning soliq va bojxona toʻlovlariga qoʻshgan hissasi $12 mln ga baholanmoqda.

Loyiha toʻrtta komponentni oʻz ichiga oladi.

1. Soliq maʼmuriyatchiligining asosiy biznes jarayonlarini avtomatlashtirish. Kichik komponentlar:

  • soliq organlari uchun yangi integratsiyalashgan axborot tizimini joriy etish;
  • texnik infratuzilmani yangilash (maʼlumotlarni qayta ishlash markazi);
  • AKTni rejalashtirish va boshqarish sohasida salohiyatni oshirish;
  • risklar xavfini boshqarish va biznesning uzluksizligi.

2. Yashirin iqtisodiyotni kamaytirish uchun soliq toʻsiqlarining oldini olish. Kichik komponentlar:

  • soliq talablarini taʼminlash sohasida Davlat soliq qoʻmitasining salohiyatini kuchaytirish;
  • ixtiyoriy rioya qilishni ragʻbatlantirish;
  • xususiy sektor bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish.

3. Insoniy va institutsional salohiyatni mustahkamlash. Kichik komponentlar:

  • xodimlarni yanada samarali boshqarish uchun Davlat soliq qoʻmitasining institutsional salohiyatini oshirish;
  • soliq organlari tomonidan strategik maqsadlarga erishishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tashkiliy funksiyalarni yaratish;
  • soliq xizmati xodimlarining malakasini oshirish.

4. Texnik boʻlmagan komponent — loyihalarni boshqarishni qoʻllab-quvvatlash.

Loyihani davlat nomidan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni moliya vaziri Timur Ishmetov imzolaydi.

Davlat soliq qoʻmitasi hamda Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan kelgusi oyda soliq organlari xodimlarini soliq sohasidagi yangi axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida bir qator oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi.

Tashqi ishlar vazirligi Davlat soliq qoʻmitasining soʻroviga binoan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va haqiqiy xarajatlarni qoplash uchun yigʻim undirmagan holda beradi.

Ўхшаш янгиликлар