• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

2022-yil 27-aprelda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (ILMA) Istiqbolli loyihalar bo‘yicha milliy agentlikka aylantirildi, unga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklandi.

O‘sha yili ILMA mayning-pullar va kripto-birjalarga litsenziyalar berish talablarini ishlab chiqdi, kripto-do‘konlar ishlashi qoidalarini belgilab berdi, kripto-aktivlarini chiqarish va muomalaga kiritish tartibini qabul qildi, shuningdek kriptovalyutalar bilan ishlaydigan kompaniyalar uchun yig‘imlar miqdorini tasdiqladi.

“Spot” ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak bilan mahalliy kripto-bozorining hozirgi holati va aylanmasi, O‘zbekistonda kriptovalyutani qonuniy mayning qilishdagi qiyinchiliklar, kripto-aktivlar bilan xorijiy platformalarda savdo qilishdagi taqiq haqida suhbatlashdi.

Intervyuning video-versiyasi rus tilida:


Agar kriptovalyuta sotib olishni yoki sotishni xohlasam, buni qayerda va qanday amalga oshirishim mumkin?

O‘zbekistonda siz o‘zingizni qiziqtirgan kripto-aktivni kripto-birja yoki kripto-do‘kondan bemalol sotib olishingiz mumkin. Bunda, har qanday sohada, shu jumladan savdo-sotiqda bo‘lgani kabi, mijoz va tovar yetkazib beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar allaqachon mavjud.

Agar siz kripto-aktivni minimal murakkablik bilan sotib olishni istasangiz, shunchaki kripto-do‘konga kirasiz. U yerda KYC jarayoni (“o‘z mijozingizni biling” — Spot) amalga oshiriladi, kerakli miqdor belgilanib, shunga mos ravishda sizga kripto-aktivni sotishadi.

Agar siz buni onlayn yoki elektron tarzda qilishni xohlasangiz, ro‘yxatdan o‘tib, istalgan kripto-aktivni sotib olishingiz mumkin bo‘lgan kripto-birjalar mavjud.

Xorijiy kripto-birjadan kriptovalyuta sotib olsam, bu qonuniy boladimi yoki buning uchun menga qandaydir jazo qo‘llaniladimi?

Prezident qaroriga muvofiq, 2023-yildan boshlab O‘zbekistonning barcha fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni milliy provayderlar orqali amalga oshirishlari lozim. Bunga ko‘ra, xorijiy platforma orqali kripto-aktiv sotib olish yoki unga bo‘lish orqali siz huquqbuzarlikka qo‘l urgan bo‘lasiz.

Bundan tashqari, qonun talablarini buzgan holda kripto-aktivlarning noqonuniy muomalasi, shu jumladan, oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlik uchun tegishli jazolar belgilanadi. Hajmiga qarab, sizning harakatlaringiz ma‘muriy yoki jinoiy huquqbuzarlik sifatida tasniflanadi.

Hozir O‘zbekistonda nechta qonuniy mayning-fermalar faoliyat yuritmoqda? O‘tgan yili ular qancha mayning qilishdi?

Birinchi navbatda aytishim kerakki, qonuniy mayning-fermalar yo‘q. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq o‘tgan yilning sentabr oyida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagandi.

Nizom kuchga kirganidan buyon bizga faqat bitta murojaat bo‘ldi, u ham faqat bu yil kelib tushdi. Ko‘rib chiqdik, arizachi belgilangan hujjat talablariga javob bermaganligi sababli, mayning litsenziyasini berishdan bosh tortdik. Hozircha, bugungi kunda, bitta ham qonuniy mayning-ferma mavjud emas.

Vyacheslav Yuriyevich, o‘zingiz ham kriptovalyuta egasimisiz?

Tabiiyki, menda kriptovalyuta bor, chunki bularning barchasi qanday ishlashini tushunishim va bilishim kerak, axir bitta ham operatsiya o‘tkazmagan bo‘lsangiz, jarroh bo‘lolmaysiz, to‘g‘rimi? Demak, bularning barchasi qanday ishlashini tushunish uchun siz buni o‘rganishingiz, kuzatishingiz va yangi texnologiyalarga moslashishingiz kerak.

O‘zbekiston kripto-bozorining bugungi holatini qanday baholaysiz? U boshlang‘ich davrini boshdan kechirayaptimi yoki bu bosqichdan o‘tib bo‘lganmi?

Mahalliy kripto-bozor “embrional” bosqichdan o‘tib, hozirda rivojlanish va shakllanishning dastlabki bosqichiga o‘tmoqda.

Kripto-bozorimizda soglom raqobat shakllanganmi?

Sog‘lom yoki nosog‘lom raqobat bir-biri bilan raqobatlashadigan ko‘plab o‘yinchilar mavjud bo‘lgan sharoitda sodir bo‘ladi. Biz hozir ishtirokchilar shakllanish bosqichidan o‘tayotgan vaziyatni ko‘rmoqdamiz, shuning uchun hozir ular raqobat haqida o‘ylashmaydi. Ular o‘z bizneslarini qurishlari, platformalarini ishga tushirishlari va strategik rivojlanish yo‘nalishini tanlashlari kerak. Rivojlanib olishgachgina, o‘rtalarida shunday raqobat bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab foydalanuvchilar mahalliy kripto-birjalar funksionallik, operatsiyalar va tangalar mavjudligi nuqtai nazaridan juda noqulay ekanligidan shikoyat qilishmoqda. Bir tomondan, ILMA xorijiy kripto-birjalarga kirishni cheklasa, boshqa tomondan, mahalliy platformalar to‘liq ishlab chiqilmagan bo‘lib chiqmoqda. Bu muammoning yechimini qanday ko‘rmoqdasiz?

Mahalliy provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan ma‘lum bir darajada norozilik borligini ko‘rayapmiz. Biz bu borada ishlayapmiz va ushbu ma‘lumotlarni provayderlarga yetkazmoqdamiz.

Shu bilan birga, ular o‘z rivojlanish strategiyasi va qarashlariga ega bo‘lgan tadbirkorlar ekanligini tushunishimiz kerak. Biz tartibga soluvchi sifatida ularga ma‘lum xizmatlarni ochishni aytolmaymiz. Agar ular aholi tomonidan talab qilinsa, u holda amalga oshiriladi.

Afsuski, so‘nggi paytlarda jamiyatimizda shunday tendensiya paydo bo‘ldiki, agar menga biror narsa yoqmasa, “bu noto‘g‘ri”, “nima uchun hamma narsani cheklash kerak” va hokazo mazmundagi tanqidlar to‘lqini boshlanadi. Biroq, bu yerda anarxiya, tartibsizlik, ruxsat berish va qoidalarga rioya qilish o‘rtasida juda nozik chiziq bor. Men doim hukumat ham yaxshi, ham yomon qoidalarni ishlab chiqishi mumkinligi, ammo fuqarolar ularning barchasiga rioya qilishlari kerakligini aytaman.

Aytaylik, Toshkentda tezlik chegarasi 60 km/soat bo‘lishi sizga yoqmayapti, lekin siz qonunga bo‘ysunuvchi shaxs sifatida mashina haydashda qoidalarga amal qilasiz. Nega bu yerda ham shunday bo‘lmasligi kerak? Agar sizga biror narsa yoqmasa-yu, lekin davlat shunday talablarni belgilab qo‘ygan bo‘lsa, siz shikoyat qilib, ularga kamchiliklarni ko‘rsatgandan keyin, ular oxir-oqibat sizni eshitishadi va siyosatini o‘zgartirishadi. Menga darhol hammasiga ruxsat berilishi va bu men uchun nimaga kerak degan qarashga o‘tish kerak emas.

kripto-aktivlar, kripto-do‘kon, mayning, vyacheslav pak

Hozirda bozorda 14ta xizmat ko‘rsatuvchi provayder faoliyat yuritmoqda. Sizningcha, ularning hozirgi soni yetarlimi va kelajakda bu ko‘payadimi?

Kelajakda xizmat ko‘rsatuvchilar soni tabiiy ravishda ko‘payadi. Ularning soni yetarli emasligini ko‘rayapmiz, lekin o‘zimiz litsenziya berish bo‘yicha qat‘iy talablar qo‘yganmiz.

Bunda biz ushbu faoliyat aholi uchun ham, investorlar uchun ham ma‘lum darajadagi xavflar bilan bog‘liqligini tushunamiz, bu juda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun ushbu litsenziyani olish oson bo‘lmasligi kerak va hammamiz tushunganimizdek, miqdor har doim ham sifatga aylanmaydi.

Shuning uchun, ular hozircha oz bo‘lsa ham, agar bozor evolyutsion bosqichdan o‘tib olsa, ya‘ni yangi provayderlar paydo bo‘lishi bilan rivojlanish bosqichidan o‘tsa, keyinchalik ular o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi.

Ularning soni ortishi aniq. O‘ylaymanki, biz tez orada yana bitta kripto-depozitariy litsenziyasini beramiz. Biz vaqti-vaqti bilan kripto-do‘konlar uchun kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqamiz. O‘ylaymanki, kelajakda bunday provayderlar soni albatta ortib boraveradi.

20-iyundan boshlab ILMA kripto-birjalar va kripto-do‘konlar uchun oylik yig‘imlarni oshirishga qaror qildi. Ushbu qarorni asoslashda agentlik “mahalliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning yetarlicha rentabelligini” ta‘kidladi. Sizningcha, bu yechim bunday rentabellikni kamaytirmaydimi? Biznes bilan muhokamalar yoki munozaralar bo‘lganmi?

Tabiiyki, biz bularning barchasini mavjud provayderlar vakillari bilan muhokama qildik. Biz hisobotlarni qabul qilamiz, ularning moliyaviy holatini ko‘rib chiqamiz va shunga ko‘ra, biroz yuklama bo‘lishini tushunamiz, lekin shuni ham tushunish kerakki, bizda — O‘zbekistonda kripto-aktivlar bilan operatsiyalar va ulardan olingan daromad butunlay soliqdan ozod qilingan va soliq solinadigan bazaga kiritilmagan.

Bu yig‘im barcha soliqlar yig‘indisi evaziga to‘lanadi, shuning uchun birinchi bosqichda ular bir yil ishlashdi, biz biznes haqiqatan ham normal, daromadli ekanligini, shuning uchun uni oshirish ularning faoliyatiga alohida salbiy ta‘sir ko‘rsatmasligini ko‘rdik.

O‘tgan yili kripto-aktivlar sohasida maxsus “tartibga soluvchi qumsoat” rejimi ishga tushirildi. Birinchi yilda uchta ishtirokchi ro‘yxatga olingan. Ishning birinchi yilida ular ko‘rsatgan natijalarni qanday baholaysiz?

Xo‘sh, baholashga hali erta, chunki bularning barchasi pilot loyihalar. Bugungi kunda respublikada bor-yo‘g‘i ikkita “qumsoat” — ILMA va Markaziy bankda faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqinda Vazirlar Mahkamasining qumsoat rejimi ko‘zda tutilgan qarori chiqdi, unda elektron tijorat va boshqa bir qator sohalar nazarda tutilgan, ammo bilishimcha, u yerda hali bitta ham loyiha yo‘q.

Shu o‘rinda aytish mumkinki, bizda uchta loyiha amalga oshirilayotganidan va ular natija berayotganidan xursandmiz. Agar bunga shaxs sifatida qarasam, shaxsan meni hozirgi natijalar hech ham qoniqtirmaydi. Albatta, men bundan ham kattaroq natijalarni istardim, lekin masala bularni qanday rivojlantirish mumkinligi, bu loyihalarni qaysi yo‘nalishda olib borish kerakligi bilan, hamda ularni qanday takomillashtirish, muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun nima qilish kerakligi haqidagi savollarga bog‘liq.

kripto-aktivlar, kripto-do‘kon, mayning, vyacheslav pak

Qonuniy mayning-fermalarga qo‘yiladigan talablardan biri quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishdir. Nima uchun bunday qaror qabul qilindi va bizning hozirgi sharoitimizda buni amalga oshirish imkoniyatini qanday baholaysiz?

Bu talab prezidentning tegishli qarorini tayyorlashda Energetika vazirligining pozitsiyasini hisobga olgan holda joriy etilgan, biroq bunda energetika sohasida respublikada yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqiladi. O‘zbekistonda elektr energiyasi taqchilligini hammamiz bilamiz va his qilamiz, shuning uchun quyosh energiyasidan, ya’ni quyosh stansiyalaridan olinadigan elektr energiyasidan foydalangan holda faqat yuridik shaxslar mayning qilishlari mumkinligi borasida talab qo‘yildi.

Umuman olganda, talabni bajarish mumkin, lekin bu loyihani amalga oshirish xarajatlarini ko‘paytiradi. Har bir investor bu yerda o‘zi oladigan foydani hisoblashi kerak va hokazo. Biroq, yana bir bor ta‘kidlaymanki, biz, albatta, tartibga soluvchi sifatida: “ha, hamma, bemalol, ulaninglar va kim xohlasa, mayning qilaversin” deyishni xohlaymiz. Ammo biz mamlakatdagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqamiz.

Shu bilan birga, maynerlar yagona elektr tarmogiga ulanishi mumkin.

Agar biz faqat quyosh energiyasi yordamida mayning qilishga ruxsat beradigan bo‘lsak, mayning qurilmasining ishlashi uchun barqaror, doimiy elektr ta‘minoti kerakligini tushunamiz. Ular uni kechasi qayerdan olishadi? Shunga ko‘ra, biz buni yagona energiya tarmog‘idan olish mumkinligini belgilab qo‘ydik, biroq bu oshirilgan tariflar asosida bo‘lishi va Energetika vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi va tasdiqlanishi kerak.

2023-yil 1-oktabrdan tadbirkorlar uchun elektr energiyasi tariflari oshirildi. Demak bu maynerlar uchun bundan ham yuqoriroq bo‘lishini anglatadimi?

Ha, ularning tariflari bundan-da yuqori bo‘lishi kerak, shuning uchun ham biz hozirgi sharoitda odamlar tunu-kun elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan o‘zlarining yopiq energetika tizimini o‘rnatishi va yaratishi kerakligini ta’kidlaymiz.

Demak, quyosh panellari va elektr energiyasini saqlash tizimlarini o‘rnatish kerak, shundaymi?

Ha, kunduzi ishlab chiqariladigan elektr energiyasidan kechasi hamma narsani quvvatlantirishda foydalanish uchun.

Nima uchun, sizningcha, O‘zbekistonda haligacha birorta ham qonuniy mayning-ferma yo‘q?

Aslida, talablarni amalga oshirish qiyin emas.

Bu shunchaki odamlarning hammasini taroziga solib ko‘rishi bilan bog‘liq: men buning uchun hech narsa to‘lamayman va elektr energiyasini o‘g‘irlayman yoki bunga sarmoya kiritib, buni 5−10 yilda qoplab olaman, deb tanlov qilishadi. Tabiiyki, xalqimiz, asosan, birinchi variantni tanlaydi.

kripto-aktivlar, kripto-do‘kon, mayning, vyacheslav pak

Ehtimol, qonuniy mayning-fermalarining yo‘qligi, hozirgi talablardan kelib chiqqan holda, ularning o‘z sarmoyalarini qoplashi uchun uzoq vaqt talab qilishi bilan bog‘liqdir?

Shuning uchun men bu yerda, birinchi navbatda, fuqaroning huquqiy ongi haqida gapirayapman. Aytaylik, menda pul, kapital bor va men uni biror joyga qo‘ymoqchiman, sarmoya kiritmoqchiman. Agar bu uzoq vaqt davomida o‘zini oqlaydi deb o‘ylasam, qonuniy ravishda yana qayerga sarmoya kiritishim mumkinligini ko‘rishim kerak.

Bu menga mayning-fermasini ochishga, noqonuniy ulanishga, elektr energiyasini o‘g‘irlashga va umuman 5−10 baravar tezroq pul ishlashga ruxsat bermaydi.

2022-yil avgustidan boshlab yirik xalqaro kripto-birjalar, jumladan “Binance” kabi saytlar O‘zbekistonda bloklangan. Bu nima uchun qilingan? Qaysi hollarda ularning ishlashiga ruxsat berishi mumkin?

Agar davlat va qonun talablar qo‘ygan bo‘lsa, ularga rioya qilish kerak. Shunga ko‘ra, agar barcha xalqaro kripto-birjalar bajarilishi kerak bo‘lgan hukumat talablari borligini bilib, lekin ular ularga rioya qilmasa, bu sababga ko‘ra biz ularga kirishni bloklaymiz.

Misol uchun AQShda ham cheklovlar mavjud. “Binance” amerikaliklarga xizmat ko‘rsatish uchun Binance US`ni yaratdi.

Biz bunday platformalardan noqonuniy xizmat ko‘rsatish holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqmoqdamiz. Bunga ko‘ra, har qanday xalqaro guruh O‘zbekistonda ishlash istagini bildirsa, qonunchilikda ular uchun barcha shart va talablar aniq ko‘rsatilgan.

Asosiy talab — barcha serverlarning O‘zbekistonda mavjud bo‘lishi. Agar kompaniya hamma narsa talablarga javob bersa, biz litsenziya beramiz. Bu yerda hech qanday muammo yo‘q. Biz tayyormiz.

O‘zbekistonda o‘tgan yil yoki joriy yil boshidan buyon kripto-aktivlar aylanmasi haqida maʼlumot bera olasizmi?

Albatta, bizda bunday ma‘lumotlar mavjud. Biz hammasini kuzatib turibmiz, lekin men ularni ochiqlashni xohlamasdim, chunki ayrim kriptodo‘konlarning tijorat sirlari bilan bog‘liq muammo bor.

Umuman o‘sish bormi? Dinamika qanday?

Dinamika juda ijobiy, aytaylik, o‘sish juda katta va hayratlanarli.

$1 mlrddan ortiqmi yoki undan kammi?

Albatta, bundan ko‘proq, lekin hozircha aniq raqamlarni ayta olmayman.

Ўхшаш янгиликлар