• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +22°C
Detail image

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish va akkreditatsiya olishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi akkreditatsiya masalalari bo‘yicha mutaxassisi, “El-yurt umidi” fondi stipendiati Axadjon Askarov o‘zi hamda mamlakatdagi ta’lim yo‘nalishidagi islohotlar va akkreditatsiya olish jarayoni haqida o‘rtoqlashdi.

Ta’lim sifatini oshirish, akkreditatsiya va umuman ta’lim sohasiga qanday kirib kelgansiz?

Ochig‘ini aytsam, ta’lim menga qon bilan kirgan desam adashmagan bo‘laman. Rahmatli otam — Nosirjon Asqarov davlatimiz oliygohlarida 40-yildan ziyod dars berganlar, nafaqadagi onam — Mukaramoy Asqarova esa oliygohlardan tashqari o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ham faxriy o‘qituvchi bo‘lganlar. Shu bilan birga, yoshlikdan yuqori sifatli ta’lim olishga bo‘lgan juda kuchli talabim sabab, turli xil stipendiya dasturlarida ishtirok etganman va sovrinli o‘rinlarni egallaganman. Chet el ta’lim darajasini ko‘rganimdan so‘ng esa ta’lim sifatidagi muammolar yaqqol namoyon bo‘ldi va Oliy maktabda ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasini olish masalalarini hal qilish tomon intildim.

Akkreditatsiya yoki akkreditatsiyani olish iboralariga izoh bersangiz va u nima uchun kerak?

Akkreditatsiya lotincha “Accredo” — ishonmoq so‘zidan olingan bo‘lib, guvohlik berish, ishonch bildirish ma’nosini beradi. Ya’ni bizning holatimizda, Oliy maktab ta’lim berish sifati aynan xalqaro standartlarga mos ekanligini namoyish etish uchun QS, AMBA, AACSB International kabi xalqaro tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tishi — ishonchini qozonish jarayoni nazarda tutilmoqda.

Mazkur akkreditatsiya sertifikatlarini qo‘lga kiritish nafaqat Oliy maktabning, balki butun O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzini oshirishi kunday ravshan. Shuningdek, akkreditatsiya sertifikatlari chet el fuqarolarining diqqat e’tiborini ham doim o‘ziga tortgan.

Akkreditatsiya olish uchun Oliy maktabda qanday ishlar olib borilmoqda?

2023-yil Oliy maktab Vazirlar Mahkamasining tarkibiy qismiga o‘tdi. “El-yurt umidi” stipendiatlarini va boshqa chet el oliygohlarini tamomlagan yosh xodimlarni ishga olish orqali tarkibga katta o‘zgartirish kiritilmoqda. “Sifat nazorati va akkreditatsiyalash” kabi yangi bo‘limlar ochilmoqda.

Eng asosiysi o‘qituvchi-professorlar turli xil ma’muriy ishlardan ozod qilinib, erkin ijod qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqot olib borayotgan xodimlar maoshdan tashqari qo‘shimcha rag‘batlantirilmoqda.

Akkreditatsiyani olish jarayoni Oliy maktabda qanday ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda?

Mazkur jarayon Oliy maktabning faoliyati tubdan ko‘rib chiqilib, uni zamon talablariga mos ravishda isloh qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun:

  • ta’lim dasturlariga Executive MBA, ACCA-MBA dasturlari va sun’iy intellekt modullari qo‘shilishi rejalashtirilmoqda;
  • MBA dasturlarini takomillashtirishda davlat tashkilotlari rahbarlari, xususiy biznes vakillari va umuman olganda ish beruvchilarning bevosita ishtiroki ta’minlanmoqda;
  • ta’lim bozori va mijozlarning talablarini o‘rganish maqsadida barcha tomonlar bilan doimiy aloqalar o‘rnatilib, tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.

Sanab o‘tilganlar amalga oshirilayotgan islohotlarimizning eng oddiy qadamlari desam adashmagan bo‘laman.

Hozirgi faoliyatingiz Oliy maktabda va umuman O‘zbekistondagi qanday dolzarb muammolarni yecha oladi yoki qanday yangi imkoniyatlar beradi?

Hozirgi kunda O‘zbekistondagi dolzarb muammolardan biri bu ta’lim sifatiga va umuman ta’lim jarayoniga e’tiborning hali ham sustligidir. Xorijiy mamlakatlar bilan taqqoslaganda bu masalani yechishda biz hali juda orqadamiz deb hisoblayman. Oliy maktabning akkreditatsiya olishi davlat va xususiy sektorni hamda keng jamoatchilikning ta’lim jarayonida ishtirok etishiga undaydi va ularning ta’limga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirib, ta’lim sohasini o‘z holiga tashlab qo‘yish illat paradigmasini yengadi.

Kelgusidagi maqsadlaringiz?

Maqsadlarim Oliy maktabdagi ta’lim sifatini oshirish orqali uni jahonga tanitish hamda keng jamoatchilik e’tiborini ta’limga tortish, ta’lim bilan amaliyotning uzviyligini ta’minlashdan iborat. Shuningdek, ular qatorida insonlarni to‘xtovsiz o‘z ustida ishlashga undash, Oliy maktabning milliy reytingdagi mavqeini oshirish, EQUIS, AMBA, AACSB International, QS kabi xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyalarini birin-ketin olish ham bor.

Telefon: (+998) 71−239−03−05.
Manzil: Mirobod t-ni, Mirobod ko‘ch., 25.

Sayt: rgsbm.uz
Facebook: fb.com/rgsbm.uz
Instagram: @gsbe.uz
Telegram: t.me/rgsbm_uz
LinkedIn: rgsbm
YouTube: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi

Reklama huquqlari asosida.

Ўхшаш янгиликлар