• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +14°C
Detail image

Sanjarbek Ashirmukhamedov 1999-yil Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent shahridagi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali akademik litseyini tamomlagan. Hozirda “Sanny Group” va “Waffly” bizneslarini yo‘lga qo‘ygan.

Bu soha bilimlarini mustaqil o‘rganib, 24 yoshigacha yetarlicha tajriba orttirgan. U 2015-yildan boshlab ushbu loyiha ustida ishlagan.

5 marta yopilishiga qaramasdan, bugungi kunda 60 kishiga mo‘ljallangan joyda “Waffly” qahvaxonasini yo‘lga qo‘ygan.


Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:


Birinchi biznesim “maska” sotishdan boshlangan

Bolaligimdan katta bo‘lganimda “Biznesmen bo‘laman” derdim. 3-sinfda birinchi ishim bilan ham shug‘ullandim. Sinfdoshlarimga bir martalik niqoblar va ruchkalar sotdim va shu orqali birinchi pulimni ishlab topdim. Bu yo‘nalishga qiziqish azaldan “qonda bor” edi.

Qahvaxona ochish g‘oyasi esa 2015-yildan beri bor bo‘lgan. 2018-yil avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlab yurgan paytimda biznes boshlash maqsadi yanada kuchaydi. Bir gal ustozim Sergey Tsoy meni tadbirkorlar tadbiriga olib bordi. O‘sha joyda ilk marta kofe ichib ko‘rib, shu loyihani boshlashga qaror qildim va investor ham topdim.

Lekin hamma narsa tayyor bo‘lganida u hamkorlik qilmasligini aytdi, lekin men bu ishni davom ettirishni xohladim. Keyin uydagilarimdan 1 mln so‘m qarz olib, bozordan taxta xarid qildim. Otam bilan undan bar yasab, “Sanny drinks” degan joy ochdim. U yerda tayyorlangan limonad ichimliklaridan hozir ham foydalanamiz.

sanjarbek ashirmukhamedov, shirinlik biznesi, vafli

Foto: Spot

Keyin litseyni tugatib, 19 yoshimda buxgalteriya kompaniyasida dastlab yordamchi, so‘ng direktor o‘rinbosari lavozimigacha ishladim. Bu joy menga har tomonlama ish vaqti, maoshi jihatdan ham qulay bo‘lgan. Bu joydan ketishimning sababi, ish sharoitining haddan ziyod qulayligida bo‘ldi. Bunaqa sharoitda yo yuqoriga o‘sasiz, yoki pastlab ketishingiz mumkin. Men ham biznes boshlash vaqti kelganini o‘ylab, o‘z yo‘limni o‘zgartirishga qaror qildim.

Ketma-ket yopilishlar meni to‘xtatmadi

2020-yil karantindan keyin ish boshladim. Tanishlarimdan so‘rab-surishtirib kofe mashinasi xarid qildim. Buning uchun uydagilarimdan $4 ming qarz olganman. Pulning asosiy qismini qahva tayyorlash uchun uskunalarga va ijaraga sarfladim.

So‘ng, Qorasuv (Mirzo Ulug‘bek tumani)dan kichikroq joy olib ish boshladik. Keyingi karantinda ko‘pgina restoranlar yopilib ketdi va ular qatorida men ham bor edim. Birinchi yopilish boshida jami $14 mingga tushgan. O‘sha paytlari 2 kg kofe va 200 ta stakandan boshqa mahsulotlarim bo‘lmagan. Kerakli sutni ham o‘rtog‘im sovg‘a tariqasida olib kelgan.

Keyinchalik yana qarz olib, ikkinchi marotaba harakat boshladik. Ammo bu gal ham men kutgan natija bo‘lmadi. Shuncha qarz ustida yana qarz bilan “Ekobozor"dan boshqa joy ochdik. U yerda elektr-energiyasida uzilishi bo‘lib, menga $1500 zarar keltirdi. Shu joyni qayta tiklab, ishimizda davom etdik. Aynan hozirgi manzilimizga kelishimizga, o‘sha filialga tashrif buyurgan katta brend egalari sababchi bo‘lishgan. Bu yerda ham ikki oy sinov muddati asosida kelishib ish boshlaganmiz.

Bu darajaga yetib kelgunicha biznesimga taxminan 300 mln so‘m atrofida sarmoya qilganman.

Boshida bitta o‘zim ishlaganman

2020-yilda ishni bitta o‘zim boshlaganman. Hozirda umumiy 17 nafar xodim faoliyat yuritadi. Vafli pishirish uchun xodimlar ishga olingach, biroz muddat o‘qitiladi. Ammo, kofe tayyorlashga bizga tayyor kadr kerak. Ish vaqti ertalabki 10:00 dan tungi 01:00 gacha haftaning barcha kunlarida olib boriladi. Bu biznes bozorida ishchilarning o‘rtacha maoshi kunlik 200 ming so‘mdan boshlanadi.

Mahsulotlarni tayyorlashni o‘zim mustaqil ravishda, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rganganman. Vaflilarning retsepti bizning oilaviy retseptimiz hisoblanadi. Endi ish boshlaganimda 5−6 turdagi vaflilarni tayyorlardim. Hozirda ularning soni 13−15 tani, kofelar esa 20 tani tashkil qiladi.

Oddiy vaflilar 25 ming so‘mdan 65 ming so‘mgacha boradi. Agar muzqaymoq yoki shokolad qo‘shilsa, shunga qarab narxi o‘zgarib boradi. Shuningdek, “Waffly"ning alohida ajralib turadigan “Fondyu” nomli to‘plam vaflisi bor va uning narxi 250 ming so‘mni tashkil etadi.

sanjarbek ashirmukhamedov, shirinlik biznesi, vafli

Foto: Spot

Vafli pishiradigan mashinada 1 ta vafli 3 minut 30 sekund davomida pishiriladi. Har bitta mahsulot o‘lchami belgilab berilgan va xodimlar shu asosida tayyorlashadi. Oshxona shunday joyki, e’tiborsiz qoldirilsa, tezda tartibsizlik yuzaga keladi.

1 yil oldin buyurtmalar 40 daqiqada tayyorlab berilar edi, hozir esa yangi yapon texnologiyasini o‘rnatganimizdan so‘ng bu kutishlar vaqti yarim barobarga kamaydi. Mahsulotlarni “Uzum Tezkor” orqali yetkazib berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Buyurtmalar har mavsumda har xil bo‘ladi. Ba’zida kuniga 2 ta ham sotishimiz, ba’zida esa 250−300 tagacha ham savdo bo‘lishi mumkin. Albatta bu kunning ob-havosiga, dam olish va bayram kunlariga bog‘liq.

Jihozlar narxi

Ushbu joy 60 kishiga mo‘ljallangan. Bu yerdagi jihozlar va texnikalar narxi taxminan quyidagicha:


Nomi
Narxi
1
Stol-stullar (1 ta to’plam uchun)
4 mln so‘m
2
Idish-tovoqlar
10 mln so‘m
3
Texnikalar
126 mln so‘m
4
Salfetka qutisi (donaga)
49 ming so‘m
5
“Casadio” kofe mashinasi
38 mln so‘m
6
Qahva maydalagich
12,5−19 mln so’m
7
Vafli qolipi
11−13,5 mln so‘m
8
Muzlatgichlar
9−19 mln so’m
9
Filtr
4 mln so‘m
10
Konteyner
25 mln so‘m
11
Ijara narxi
19 mln so‘m
12
Umumiy xarajatlar (shu ko‘rinishdagi joyni tashkil etish uchun)
500 mln so‘m

Raqobatchilarni o‘ylab ish qilmagan ma’qul

Har bir inson o‘z ustida ishlab biznes boshlashi kerak. Boshqalar mendan kuchli degan fikr bilan bu bozorga kirib bo‘lmaydi. Masalan, “McDonald's"ga o‘xshash joy ochmoqchisiz, uni yirik kompaniya ekanligi va raqobatlasha olmasligingizni o‘ylasangiz, ichingizdagi shasht so‘nadi. Nima qilasiz uni o‘ylab? Har kimni o‘ziga yarasha rizqi, nasibasi va mijozlari bor. Asosiysi gap mahsulotda. Biz katta e’tiborni sifatga qaratamiz.

sanjarbek ashirmukhamedov, shirinlik biznesi, vafli

Foto: Spot

Yopilishlar menga katta dars bo‘lgan

Shuncha qarzga ish boshlagan bo‘lsam ham, to‘xtab qolganim yo‘q. Chunki, bu pullarni qaytarish, xodimlarning maoshi meni hammasidan voz kechishdan to‘xtatib turardi. “Bo‘ldi, men qila olmadim” degan gap menga to‘g‘ri kelmasdi.

5 marotaba yopilish natijasida barcha xatolarni qilib ko‘rganman. Ammo, bularning barchasi menga foydali bo‘lgan deb bilaman. Chunki, har qanday ish, qayta-qayt kuygani sari qattiqlashib, mustahkamlashib boraveradi.

Shoshilganim va sog‘lig‘imga e’tibor bermaganim eng katta xatoyim bo‘lgan. Har bitta ishni o‘ylab bajarish lozim, lekin uzoq o‘ylamaslik kerak. Natijada barcha imkoniyatlardan ortda qolib ketish ehtimoli bo‘ladi. Agar hozir ortga qaytish imkoni bo‘lganida, men bu ishlarni hech birini bajarmagan bo‘lar edim deb o‘ylayman. Sababi, oldin bilim bo‘lmagan va qiziqqonlik bilan faqat to‘g‘riga harakat qilganman.

Eng katta omadim ota-onamning har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlashganida deb bilaman. Birinchi ishimdan ketmoqchi bo‘lganimda, yaqinlarim qarshilik qilishsa ham, ota-onam har doim yonimda turgan.

Kelajadagi rejalar. Keyingi rejalarimda “Sanny Group” maslahat markazi faoliyatini yanada rivojlantirmoqchiman. Odamlarga kerakli bilim va tajribalarni berish bugungi kunda muhim ish ekanligi o‘z isbotini topmoqda. Shuningdek, kofe va vaflidan iborat o‘zgacha to‘plam tashkil qilish niyatimiz bor.

Ўхшаш янгиликлар