• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +19°C
Detail image

AQShda tahsil olish imkonini beruvchi “Fulbright Foreign Student Program” stipendiyasiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda o‘zbekistonliklar ham magistratura darajasi uchun ishtirok etishlari mumkin. Ishtirokchilar ochiq tanlov asosida saralanadi.

Dastur haqida batafsil ma’lumotlarni havola orqali olish mumkin.

Nomzodlar tibbiyot fanlaridan tashqari barcha ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirishlari mumkin. Tibbiyot bitiruvchilari kimyo, biologiya, sog‘liqni saqlash yoki tizimni boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin.

Buxgalteriya hisobi/moliya, qishloq xo‘jaligi, arxitektura, biologiya, biznes, kimyo, informatika, o‘simlikshunoslik, iqtisod, ta’lim, muhandislik, huquq, matematika, fizika kabi fanlar bo‘yicha arizalarga afzallik beriladi.

Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishlari kerak:

  • O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish va muqim yashash;
  • bakalavr darajasiga ega bo‘lish;
  • kamida 2 yillik ish tajribasiga ega bo‘lish.

Asosiy ustunlik yaqin orada yoki uzoq muddat davomida AQShda bo‘lmagan fuqarolarga beriladi.

Quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

  • onlayn ariza shakli;
  • diplom va uning ilovasining skanerlangan nusxasi (ingliz tiliga tarjimasi bilan);
  • pasport nusxasi;
  • professor-o‘qituvchilar yoki ish beruvchilardan 3ta tavsiyanoma;
  • rezyume yoki qisqacha tarjimayi hol.

Ariza topshirish bosqichida TOEFL va GRE/GMAT baholari talab qilinmaydi, ammo, agar mavjud bo‘lsa, yuklanishi kerak.

Barcha qo‘shimcha hujjatlar arizaga ilova sifatida yuklanishi lozim. Faqat tavsiya etilgan nomzodlardangina ular tahsil olgan OTM tomonidan berilgan diplomlar va reyting daftarchalaridan ko‘chirmalarning rasmiy nusxalari, tasdiqlangan ingliz tiliga tarjimalari talab etiladi.

Arizalarni topshirish uchun belgilangan muddat yakunlanganidan so‘ng, topshirilgan barcha onlayn-arizalar texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Arizalar mustaqil ekspert komissiyasi tomonidan o‘rganilib, baholanadi.

Shundan so‘ng, eng ko‘p ball olgan ariza egalari AQSh elchixonasida o‘tkaziladigan suhbatga taklif etiladi. Undan keyin, elchixona eng yaxshi nomzodlarni dastur ishtirokchilari sifatida tavsiya etadi.

Tavsiya etilgan barcha nomzodlardan TOEFL va GRE/GMAT testlarini topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi. Nomzodlar AQSh elchixonasi tomonidan beriladigan vaucherlar asosida test to‘lovlaridan ozod etiladi.

Nomzodlarning yakuniy tanlovi Jeyms Uilyam Fulbrayt jamg‘armasining stipendiyalar bo‘yicha kengashi tasdiqlashiga, mavjud mablag‘larga va AQSh universitetlarida samarali joylashtirishga bog‘liq. Grant g‘oliblari keyingi yilning kuz oylarida AQShdagi universitetlarga jo‘nab ketishadi.

To‘liq bo‘lmagan yoki belgilangan muddatdan kechiktirib topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Plagiat aniqlansa, tanlovdan chiqarib yuborishga sabab bo‘ladi.

Grant oluvchilar o‘qish davri tugaganidan so‘ng J toifasidagi viza talablariga muvofiq, kamida ikki yil muddatga o‘z vatanlariga qaytishlari shart.

Grantga quyidagilar kiradi:

  • tahsil olish va boshqa yig‘imlar;
  • oylik stipendiya;
  • J-1 toifasidagi vizani olishga yordam;
  • tibbiy sug‘urta;
  • transport xarajatlari.

Dastur uchun arizalar joriy yilning 6-mayigacha havola orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Agarda ma’lumotlar topilmasa, savollarni TashkentFulbright@state.gov elektron pochtasiga jo‘natish mumin. Xat mavzusida “Fulbright Foreign Student Program"ni ko‘rsatish kerak.

Foydali havolalar:


Avvalroq Britaniya Kengashi (British Council) xotin-qizlar uchun “Woman in STEM” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Ўхшаш янгиликлар