• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +11°C
Detail image

“MTO Gas Chemical Complex” loyiha “Air Products” kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkentda imzolangan hujjat metanol ishlab chiqaruvchi zavod qurishni nazarda tutadi. “Metanol oroli” nomi bilan mashhur bo‘lgan loyiha Buxoro viloyatida metanoldan olefin ishlab chiqarish bo‘yicha gaz-kimyo majmuasining asosiy qismi hisoblanadi.

Zavod qurilishi yakunlangach, hududda ikkita ishlab chiqarish quvvatlari joylashadi hamda jarayon “Haldor Topsoe” kompaniyasi texnologiyasi asosida faoliyat yuritadi.

Shundan birinchisi, vodorod, kislorod va azot ishlab chiqariladigan vodorod ishlab chiqarish va havo ajratish qurilmalari bo‘lsa, ikkinchisi sintetik gaz ishlab chiqarish va uni metanolga aylantirish uchun mo‘ljallangan Metanol qurilmasi bo‘ladi.

Qayd etilishicha, mazkur inshoot yillik 1,34 mln tonna quvvatga ega bo‘lib, zavod 15 gektar maydonni egallaydi. Shuningdek, uni 2025-yilda ishga tushirish mo‘ljallangan bo‘lib, ekspluatatsiya muddati — 25 yil.

MTO gaz-kimyo kompleksi quyidagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan:

  • yiliga 250 ming tonna polipropilen;
  • yiliga 80 ming tonnagacha past zichlikdagi polietilen;
  • yiliga 100 ming tonna etilenvinilasetat;
  • yiliga 300 ming tonna polietilen tereftalat;
  • yiliga 280 ming tonna yuqori zichlikdagi polietilen.

Mahalliy ishlab chiqarish O‘zbekistonga iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, importning o‘rnini bosish va mahsulotlarni boshqa mintaqalarga eksport qilish borasidagi maqsadlarga erishishga yordam beradi, deyiladi xabarda.

Metanol zavodi metanol, vodorod va boshqa sanoat gazlari, xususan, kislorod va azot kabilarning barqaror yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Avvalroq “Air Products” kompaniyasining Qashqadaryodagi tabiiy gazni qayta ishlash majmuasini rivojlantirishga $1 mlrd yo‘naltirishi ma’lum qilingandi.

Ўхшаш янгиликлар