• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

“ACWA Power” joriy yil oxirigacha Chirchiqda yashil vodorod ishlab chiqarish zavodini quradi. Bu haqda 14-may kuni Energetika haftaligi (UEW 2024) doirasida kompaniyaning mintaqaviy direktori Abid Malik “Spot"ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Saudiya Arabistoni kompaniyasi vakilining aytishicha, zavod qurilishi Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda boshlangan. Yashil vodorod va ammiak ishlab chiqarish quvvati 52 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari tomonidan ta’minlanadi.

“Biz ko‘rayotgan qurilish ishlariga asoslanib, loyiha joriy yilning dekabr oyi oxirigacha yakunlanishiga ishonchimiz komil”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki ehtiyojlar uchun Toshkent viloyatidagi zavodda “yashil” vodorod ishlab chiqarish rejalashtirilgan. O‘zbekiston yashil vodorod eksportchisiga aylanish salohiyatiga ega, ammo buning uchun vaqt kerak.

“O‘zbekiston Yevropaga o‘g‘it eksport qiluvchi davlat hisoblanadi. „Yashil“ o‘g‘itlar „yashil“ ammiakni anglatadi, bu esa o‘z navbatida qayta tiklanadigan energiyadan ishlab chiqariladi. Vodorodni xom ashyo sifatida yetkazib berish shart emas. „Yashil“ mahsulotlarni yuqori qo‘shimcha qiymat bilan sotish mumkin”, — deya o‘z so‘zini yakunkladi Abid Malik.

2023-yilning yanvar oyida Chirchiqda vodorod va ammiak ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. “ACWA Power” va “O‘zkimyosanoat” o‘rtasida yakuniy kelishuv may oyida YeTTB biznes-forumida imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, loyiha “ACWA” 80% va “O‘zkimyosanoat” 20% ulushiga ega “ACWA-UKS GH2” qo‘shma korxonasi tomonidan boshqariladi. Loyihaning taxminiy qiymati $88 mlnga baholanmoqda.

Zavodda ishlab chiqarilgan vodorod ammiak sintezi va keyinchalik azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Yiliga 500 ming tonnagacha nitrat olish va shu bilan birga 33 mln tonna tabiiy gazni tejash rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning noyabrida prezident kompaniya bilan Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod"ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish loyihalarini boshlab bergandi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda $7,3 mlrdlik shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Ўхшаш янгиликлар