• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18°C
Detail image

“Humo Air” xususiy aviakompaniyasi 10-martdan parvozlarni vaqtincha to‘xtatmoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, aviakompaniyaning 1-martdan 10-martgacha belgilangan aviaqatnovlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritildi. 10-martdan keyingi reyslar esa aprelgacha vaqtincha to‘xtatildi.

Kompaniya buning sababini yaqin va uzoq manzillar bo‘yicha xalqaro yo‘nalishlarni ochishga hamda qayta tuzishga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni boshlanayotgani bilan izohlagan.

Barcha sotilgan chiptalar kompaniya tizimi orqali avtomatik ravishda bekor qilinib, yo‘lovchilarga qaytarib beriladi.

Shuningdek, yo‘lovchilarga to‘lovni qaytarish usullari va yangi bosqich sanasi tez orada e’lon qilinishi ta’kidlangan.

“Aprel oyida xalqaro yo‘nalishlarni ochamiz, aviachiptalar narxini minimzal darajada ishlab turamiz va odamlarning tez-tez uchishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz” deydi kompaniya vakili.

Qayd etilishicha, aviakompaniya Qozog‘iston, BAA, Turkiya, Xitoy, Qatar va Ozarbayjon kabi davlatlarga xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan yilning 15-dekabridan “Humo Air” mamlakatning to‘rtta shahri — Nukus, Samarqand, Urganch hamda Qarshiga parvozlarni boshladi.

2022-yilning oxirida Shveysariyaning “ValleyRoad Capital S.A.” sarmoyaviy kompaniyasi 27,2 mlrd so‘mga “Humo Air"ning 100% davlat ulushini sotib oldi.

2023-yilning oktabrida aviakompaniyaning rejalari bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi matbuot anjumanida yil oxirigacha uchta Airbus A320 samolyoti xarid qilinishi aytilgandi.

Ўхшаш янгиликлар