• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

G‘azo rasmiylari ma’lum qilishicha, yordam so‘rab navbatda turgan 112 kishi halok bo‘lgan. Jozep Borrel xalqaro gumanitar huquq buzilganini da’vo qildi. Fransiya prezidenti Makron mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel G‘azo sektorida gumanitar yordam tarqatish chog‘ida yuz bergan halokatli holatdan hayratda ekanini bildirdi. U 29 fevral kuni kechki payt X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida: «G‘azoda gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan tinch aholi orasida yana bir qon to‘kilishi holati haqidagi xabar meni dahshatga soldi», deb yozdi

«Odamlarni oziq-ovqat yordamidan mahrum qilish xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishidir», - deya qo‘shimcha qildi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari va G‘azo sektoridagi aholi punktlariga insonparvarlik yordamining to‘siqsiz kirishiga chaqirdi. O‘z xabarida Borrel aniq ayblovlarni keltirmadi.

Undan farqli ravishda, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 1 mart, juma kuni erta tongda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «tinch aholi Isroil askarlari tomonidan nishonga olingan G‘azodan bizga yetib kelgan suratlar»dan g‘azabini bildirdi. 

Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne 1 mart kuni France Inter radiosi orqali Fransiya oziq-ovqat yordami kelishi paytida G‘azo shahrida yuzdan ortiq odam halok bo‘lganiga oydinlik kiritishni talab qilishini aytdi. «Nima bo‘lganini aniqlash uchun mustaqil tergov o‘tkazilishi kerak», dedi u. 

Ayni paytda, Qo‘shma Shtatlar sodir bo‘lgan voqealarning turli versiyalarini «tekshirishda ishtirok etayotganini» bildirdi. Vashingtonda jurnalistlar bilan suhbatda mamlakat prezidenti Jo Bayden Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi «ehtimol, dushanba (4 mart)gacha o‘rnatilmasligi» haqida fikr bildirdi. 

G‘azoda yordam uchun navbatda turgan 112 kishi halok bo‘ldi. 

G‘azo sektori rasmiylari 29 fevral kuni insonparvarlik yordami uchun navbatda turgan 112 kishining o‘limida Isroilni aybladi. Bundan tashqari, 800 ga yaqin odam jarohatlangan, dedi G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi. O‘z navbatida, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) o‘nlab falastinliklar tiqilinch qurboni bo‘lganini da’vo qilmoqda. 

TsAHAL, Falastin tomoni va HAMAS tashkiloti vakillarining fojia sabablari borasidagi bayonotlari turlicha. Ayni damda mustaqil manbalar orqali sodir bo‘lgan voqea biron bir versiyasini tasdiqlashning iloji yo‘q. 

AFP’ning guvohlarga tayanib xabar berishicha, gumanitar yordam karvonini qo‘riqlayotgan isroillik askarlar yuk mashinalari tomon oshiqqan olomonga qarata o‘t ochgan. Otishmalarni tasdiqlagan Isroil xavfsizlik rasmiylari harbiylar yordam karvoniga qarab harakatlangan olomonda tahdidni ko‘rgani uchun bu yuz berganini bildirdi. O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu idorasi vakili qurbonlarning ko‘pchiligini yuk mashinalari bosib ketgan yoki olomon oyog‘i ostiga tushib qolgan.

Xalqaro OAV G‘azo sektorida jurnalistlarni himoya qilishga chaqirmoqda 

30 dan ortiq xalqaro ommaviy axborot vositalari ochiq xatda G‘azo sektoridagi jurnalistlar bilan birdamlik bildirdi va ularni himoya qilishga chaqirdi. «Deyarli besh oy davomida G‘azo sektoridagi jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari misli ko‘rilmagan sharoitlarda ishlamoqda», deyiladi 29 fevralda chop etilgan xatda. Unga qator xalqaro axborot agentliklari – AFP, AP va Reuters – shuningdek, The New York Times, Der Spiegel, BBC News nashrlari va Isroilning Haaretz gazetasi imzo qo‘ygan. 

Hujjatda aytilishicha, jurnalistlar «oila, do‘stlar va hamkasblaridan ayrilganiga, uylari va idoralari vayron bo‘lganiga, doimiy ko‘chishiga, aloqa uzilishiga, oziq-ovqat va yonilg‘i taqchilligiga qaramay» ishlashda davom etgan. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida qariyb besh oy oldin boshlangan urushda kamida 94 ommaviy axborot vositalari xodimi, jumladan, 89 falastinlik halok bo‘lgan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ўхшаш янгиликлар