• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +16°C
Detail image
Foto: O‘zbekiston MET

Joriy yil 29 fevral va 1 mart kunlari Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasi energetika tizimlari rahbarlarining navbatdan tashqari muhokamalar majlisi bo‘lib o‘tdi. Muhokamalarning bosh mavzusi — Markaziy Osiyo mintaqasi elektr tarmoqlarini rivojlantirish masalalari.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi vakillari hamda bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi xalqaro tashkilotining mutaxassislari ishtirok etishdi.

Xalqaro miqyosdagi tadbirda D.A.Isaqulovning “O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tizimini uzoq muddatli va barqaror rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar” nomli ma’ruzasi hamda “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari H.A.Shamsiyevning “Markaziy Osiyo energiya tizimining barqarorligi haqida asosiy tushunchalar” nomli ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, boshqa ishtirokchi davlatlar ham o‘z elektr energetika tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida axborot berishdi.

Tadbir davomida mintaqa elektr energetika ta’minoti tizimida mavjud muammolar va ularning yechimi, yakunlangan 2023/2024 yil kuz-qish mavsumidagi ishchi holatlar, 2024 yil vegetatsiya (melioratsiya) davrida gidroinshootlar orqali suv resurslarni oqilona boshqarish, 2024 yil yoz mavzumiga tayyorgarlik, bundan tashqari, 2024/2025 yil kuz-qish mavsumigacha mintaqa elektr energetika tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan istiqbolli rejalar hamda muhim kelishuvlarga erishildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, xalqaro va milliy dispetcherlik markazlarining ish faoliyatini rivojlantirish, kaskadli o‘chishlarning oldini olish, magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish hamda o‘zaro hamkorlik masalalari xususida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar va sohani raqamlashtirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Tadbir doirasida “KEGOC” kompaniyasi boshqaruvi raisi Nabi Erkinovich Aytjanov “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulovni Qozog‘iston elektr energetika assotsiatsiyasining “Xizmat ko‘rsatgan energetik” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Ўхшаш янгиликлар