• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

Dunyoda aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil etuvchi o‘nlab davlatlar va hatto islom respublikalari ham bo‘la turib, G‘azodagi harakatlari uchun Isroilni xalqaro sudga bergan davlat – islomdan yiroq, Isroilga ters manfaatlari bo‘lmagan Janubiy Afrika Respublikasi bo‘ldi. Xo‘sh, nega?

2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilning HAMAS hujumiga javoban G‘azoga qilayotgan hujumlari natijasida taxminan 27 ming nafar begunoh inson o‘ldirildi. Isroil tomonidan o‘ldirilgan tinch aholining aksariyati – bolalar, ayollar va qariyalardir.

Isroilning G‘azodagi bu harakatlaridan norozi bo‘lib, BMTning Xalqaro sudiga Janubiy Afrika Respublikasi murojaat qildi. JAR Isroilni kamida oltita band bo‘yicha genotsidda aybladi. Bu – genotsidni amalga oshirish, genotsidni amalga oshirish niyatida yashirin reja tuzish, genotsidni amalga oshirish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri va ommaviy gijgijlash, genotsidni amalga oshirishga urinish, genotsidni amalga oshirish yo‘lida hamkorlik, genotsidning oldini olmaslik yoki bunga intilmaslik.

Xo‘sh, nega kelib-kelib Isroilni JAR sudga berdi? Axir, JAR – musulmon davlati emas, yoki Isroilning tarixiy dushmani ham emas... Buning asosiy sababi – JARda shakllangan tarixiy xotira, siyosiy tafakkur hisoblanadi. JAR ham yaqin-yaqingacha, xuddi falastinliklar kabi, haqsiz, huquqsiz edi.

JAR – aparteidni boshidan o‘tkazgan kam sonli davlatlardan biri. Afrikaning ko‘plab davlatlari mustamlaka qilindi, uzoq muddat g‘arb davlatlarining kaloniyalari bo‘lishdi. Lekin aynan JAR Afrikaning boshqa davlatlaridan uzoqroq mustamlaka bo‘ldi. Buning sababi – JAR nihoyatda boy davlat hisoblanadi.

Ikkinchi jahon urushi tugugach, g‘arbiy Yevropa davlatlari o‘z mustamlakalarini qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishadi. Shuning uchun 1948 yilda JAR hokimiyatiga kelgan oq tanlilar o‘z hokimiyatini ushlab qolish maqsadida aparteid tizimini joriy qilishadi.

Aparteid – “ajratilgan holda yashash” degan ma’noni bildiradi. Aparteid qoidalariga ko‘ra, kam sonli oq tanlilar mutlaq ko‘pchilik hisoblanmish qora tanlilar ustidan politsiyacha nazorat o‘rnatadi. JARning 87 foiz yerlari oqlar nazoratida, faqat 13 foiz hududlar qora tanlilar nazoratida bo‘ladi. Qora tanlilar yashaydigan hududlar “Bandustan” deb atalgan va qora tanlilarga u yerlardan chiqish taqiqlangan.

Butun bir mamlakat odamlarning rangiga qarab ikkiga bo‘lingan edi: shaharlar, kvartallar, yo‘llar, hattoki zinopoyalar va hojatxonalar ham. Oq tanlilar yashaydigan hududlarga qora tanlilarning kirishi mumkin bo‘lmagan. Qora tanli politsiyachilar oq tanli odamlarni to‘xtatishga haqqi bo‘lmagan. Oq tanlilar maktablariga nisbatan qora tanlilarning maktablari o‘nlab baravar kam moliyalashtirilgan. Qora tanlilar faqat xizmatkorlik va dehqonchilik sohalarida o‘qigan.

Aparteizmga ko‘ra, rasizm, irqiy ajratish va kamsitish – davlat qonunlari bilan belgilangan edi. Bu yerdagi saylovlarda ishtirok etish huquqi faqat oqlarga berilgan edi. Shuning uchun ham qora tanlilar davlat boshqaruviga, o‘zlarining tahqirli qul holatiga siyosiy instrumentlar orqali ta’sir qila olmasdi.

Aparteid tizimi o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun shu qadar vahshiyliklar qiladiki, hatto namoyish qilgan maktab o‘quvchilari ham ommaviy otilgan holatlari kuzatiladi. Qora tanlilarni tahqirlash siyosati shu qadar tizimli bo‘ladiki, oddiy aholining kurashishdan boshqa chorasi qolmaydi. Aparteid davrida juda ko‘plab qora tanli mustaqillik kurashchilari qurbon bo‘ladi.

JARning mustaqilligi, qora tanlilarning haq-huquqi uchun kurashgan shaxslardan biri – Nelson Mandela edi. Aparteid hokimiyati Mandela kabi shahslardan qo‘rqar edi, shuning uchun, uni doim ta’qib qildi. Aparteid hokimiyati Mandelani jami bo‘lib 27 yil qamoqda, tutqinda ushladi.

Aslida, aparteidning asl maqsadi – Mandelani o‘lim hukmi orqali yo‘qotish edi. Biroq Mandela sovuqqon bo‘ldi, xalqning qo‘llovi katta edi, halqaro hamjamiyat ham qarab turmadi. Bir umrlik qamoqqa hukm qilingan Mandela 1991 yilda ozodlikka chiqadi va 1994 yilda JARning birinchi qora tanli prezidenti bo‘ladi. Mandela 1999 yilga qadar, ya’ni besh yil JAR prezidenti bo‘ladi.

1997 yilda, BMT doirasidagi “Falastinga birdamlik kuni” munosabati bilan, Mandela shunday degandi: “Falastin halqining o‘z davlatiga ega bo‘lish huquqi haqida ko‘pchilik juda past ovozda gapiradi. Biz o‘zimiz erkinlikka erishib, boshqalarning qiyinchiliklari haqida o‘ylashni esdan chiqarishimiz mumkin, lekin agar bunday qilsak – odamgarchilikdan chiqqan bo‘lar edik”.

Mandela qamoqda o‘tirgan yillari islom dinini o‘rganadi. Falastin borasida ko‘p o‘ylanadi. JARning prezidenti bo‘lib: “Biz juda yaxshi bilamizki, falastinliklar erkin bo‘lmasa, biz ham to‘liq erkin va hur bo‘lmaymiz”, degan fikrni aytgan.

JAR Isroilni Xalqaro sudga berganida, ko‘plab arab va musulmon davlatlari “Biz ham shu ayblovlarda ishtirok etib, sizga qo‘shilsak bo‘ladimi?”, “Bizdan nima yordam kerak?” degan savol bilan JARga murojaat qilishdi. JAR rasmiylari esa “Bu ishni oxirigacha olib borishga bizning irodamiz, imkoniyatlarimiz va malakamiz yetadi” deya javob beradi.

JAR Isroilni genotsidda ayblab sudga berar ekan, asosiy motiv aniq – aparteid siyosati barham topishi kerak, falastinliklarga qilinayotgan genotsid to‘xtashi kerak, bir irq yoki millat boshqa irq yoki millatni, xalqni muttasil va o‘ta vaxshiy qirg‘in qilmasligi kerak. Boshqacha qilib aytganda, JARda shakllangan tarixiy xotira bor, siyosiy tafakkur bor – bu kollektiv g‘arbga ishonmaslik, xalqlar, millatlar, irqlarning erki va tengligi uchun kurashish zehniyati hisoblanadi.

Musulmon dunyosi esa hali xamon siyosiy uyquda. Salkam ikki milliardlik musulmon dunyosi haliga qadar qo‘rquvlar ostida yashab kelmoqda: hokimiyatlar xalqdan qo‘rqadi, xalqlar hokimiyatdan qo‘rqadi, davlatlar tashqi qudratli davlatlardan qo‘rqadi. Erkinlikka ishonmaydi. O‘z erki va qadr-qimmati uchun kurasha, birlasha olmaydi. Kichik yoki mitti davlatlar haybatli va ko‘p sonli davlatlarni, yirik bir sivilizatsiyani istaganicha o‘ynatadi...

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ўхшаш янгиликлар