• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18°C
Detail image

2007 yilda amerikalik ko‘chmas mulk agenti tuzayotgan katalog-kitobga eski fotosuratlar qidirayotib tasodifan xazinaga duch keladi. Bu xazina 1950-1960 yillarda turli joylarda kadrga tushirilgan 100 mingdan oshiq noyob suratlar edi. Uni 40 yil davomida oddiy enaga bo‘lib ishlagan havaskor fotograf ayol suratga olgandi. Agent suratlarni ommaga taqdim etganidan so‘ng o‘shangacha hech kim tanimagan havaskor fotograf butun dunyoga mashhur bo‘ladi.

Barchasi 2007 yilda ommaga uncha tanish bo‘lmagan Jon Maluf (John Maloof) ism-sharifli ko‘chmas mulk agenti Chikago shahrida o‘tkazilgan auksionda oddiy bir qog‘oz qutini sotib olishidan boshlanadi.

O‘sha paytda bu agentga Chikagodagi har binoning tarixi va qurilgan vaqti, uning eski suratlari qiziq edi. Chunki u binolar uzoq yillik va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lsa shuncha yaxshi narxga baholanishini bilardi.

Shu sababli u yozuvchilardan biri bilan hamkorlikda Chikago shahri va undagi binolar tarixi haqida katalog-kitob tayyorlayotgandi. Agent kitobga kiritish uchun shahar binolari tasvirlangan eski fotosuratlar qidirib yurgandi.

Kunlarning birida Maluf turli tarixiy buyumlar va fotosuratlar savdosi o‘tkazilgan auksionda qatnashadi va u yerda ichida eski fotosuratlari bo‘lgan qog‘oz qutini sotib oladi.

Maluf qutini ochib ko‘rganida uning ichida to‘la oq-qora tasvirda kadrga tushirilgan eski suratlar va plyonkalar borligini ko‘radi. Suratlar agent uchun xazinaning o‘zi edi. Qutilarning soni ko‘p edi va Maluf auksion davomida ularning qariyb barchasini sotib oladi.

Shundan so‘ng u suratlarni kadrga tushirgan odam haqida ma’lumot to‘play boshlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, suratlar 1950-yillar boshidan 1980 yillar boshigacha nafaqat Amerika, dunyoning ko‘plab davlatlarida tushirilgan bo‘lib, ularni Vivian Mayyer ism-sharifli ayol kadrlarga olgani ma’lum bo‘ladi.

Vivan Mayyer ko‘zgular oldida turib o‘zini ham suratga olgan
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Vivian Mayyer kim edi?

Jon Maluf Vivian Mayyer haqidagi barcha ma’lumotlarni izlab topadi va hayratdan yoqasini ushlaydi. Chunki u professional fotograf emas, oddiy enaga bo‘lib chiqadi. Ayol suratlarni bo‘sh paytlarida turli shaharlar va xorijiy davlatlarga sayohat qilib yurganida tushirgan ekan.

Vivian Mayyer 1926 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan bo‘lib, uning otasi avstriyalik, onasi esa fransiyalik muhojirlar bo‘lishgan. Vivian bolaligida ota yurti Avstriya va ona yurti Fransiyaga bir necha martadan borgan u yerda ma’lum muddat yashagan edi.

Ayolning bolaligi haqida ma’lumotlar juda kam. 1950 yilda Vivianning Fransiyadagi buvisi vafot etadi va u Yevropaga boradi. U yerda buvisi Vivian va uning onasiga o‘z fermasini meros qoldirgandi.

U 1951 yilda, 25 yoshida Fransiyadan Nyu-Yorkka keladi va korxonalardan biriga ishga kiradi. Bir necha yildan so‘ng u Chikagoga ko‘chib o‘tadi va oilalardan biriga enaga bo‘lib yollanadi.

Umumiy hisobda Vivian 40 yil umrini enagalik qilib o‘tkazadi. Shundan qariyb 20 yil u ikkita oilada ishlaydi. Ayol o‘zi ishlaydigan xonadonlarda bolalar bilan yaxshi munosabatda bo‘ladi. Ularni turli joylarga sayohatlarga olib boradi.

Vivian haftada bir kun dam olgan va o‘sha kuni ertalabdan kechgacha Chikago va uning atrofidagi shaharlarda bo‘lib havaskor fotograf sifatida odamlarni va turli binolarni suratga oladi. U asosan Rolleiflex fotoapparatlarini ishlatgan.

Vivan Mayyer ko‘zgular oynalar oldida turib o‘zini ham suratga olgan
Foto: vivianmaier.blogspot.com

1959 yilda Vivian bir muddat enagalikdan ta’tilga chiqadi va dunyo bo‘ylab sayohatga otlanadi. U avvaliga AQShning bir nechta yirik shaharlarida bo‘ladi va ko‘plab suratlar oladi.

So‘ng Filippin, Tayland, Hongkong, Viyetnam, Malayziya, Singapur, Hindiston, Yaman, Misr, Gretsiya, Livan, Suriya, Turkiya, Italiya, Fransiya va Shveytsariyada bo‘lib, u yerda suratlarni tasvirga tushiradi.

Dunyo bo‘ylab ikki yil davom etgan sayohat uchun katta pul kerak bo‘ladi va Vivianning oilasi Fransiyadagi fermalarini sotib, pulini unga berishadi.

Sayohatdan qaytgandan so‘ng Vivian yana enagalik qilishda va Chikago hamda uning atrofida suratlar olishda davom etadi. Orada bir muddat televideniyeda faoliyat olib boradi va tok shoulardan birida qatnashadi.

Vivian suratlarining bir qismini chiqaradi, qolganlari plyonka holida saqlanadi. Shuningdek, u suratlardan tashqari turli gazetalarni yig‘adi. O‘sha paytda uning fotosuratlari, plyonkalari 200 dan oshiq qog‘oz qutiga joylanadi.

Vivian Mayyer tushirgan surat
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Hayotining so‘nggi yillari

Ayol umumiy hisobda 40 yil enagalik qilgandan so‘ng keksayib qoladi va nafaqaga chiqadi. Shundan so‘ng uning moliyaviy ahvoli biroz yomonlashadi. O‘sha paytda ayolga bir paytlar o‘zi ishlagan oilaning farzandlari yordam berishadi.

Ayol Chikago shahri chetidagi Sisero mavzesida ijarada yashagan. Nafaqaga chiqqanidan so‘ng uyning egasi uni kvartiradan chiqarib yuboradi. Shunda bir paytlar o‘zi tarbiyalagan bolalar yordamga kelishadi va unga ijaraga kvartira olib berishadi. Bundan tashqari, doimiy ravishda ayolga yordam berib turishadi.

2008 yilda 82 yoshda bo‘lgan Vivian Mayyer muzda yiqilib tushadi va boshi yerga qattiq uriladi. Shundan so‘ng bir yilcha bemor bo‘lib yotgan ayol 2009 yilda vafot etadi.

Vivan Mayyer ko‘zgular oldida turib o‘zini ham suratga olgan
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Kolleksiyaning ommaga ochiqlanishi

Vivian Mayyer 100 minglab suratlarga ega bo‘lar ekan, ular haqida biron joyda oshkor qilmaydi. Ko‘rgazmalarga qatnashmaydi, hatto suratlarni bosma nashrlarga ham bermaydi.

Bunga sabab suratlar tushirilgan vaqtda bosma nashrlarning professional fotograflari bo‘lgan. Havaskor fotografning suratlariga ularning ehtiyojlari bo‘lmagan.

Xuddi shuningdek, havaskor tomonidan tushirilgan suratlarga ko‘rgazmalar ham qiziqish bildirmasdi. Qolaversa, ko‘rgazmalar uchun suratlar tayyorlash ishlariga ancha mablag‘ kerak bo‘lardi.

Qisqasi, Vivian Mayyerning suratlari ommaning nazaridan chetda bo‘lgan va ular haqida hatto 2000-yillarning ikkinchi yarmigacha hech kim bilmagan. Ayol suratlar, plyonkalarni Chikago chetidagi ijaraga olingan kichik omborxonada saqlagan.

2007 yilda, vafotidan ikki yil avval Vivian omborxona ijarasi uchun pul topib bera olmay qoladi. Shundan so‘ng omborxonaga egalik qiladigan kompaniya uning narsalarini auksion savdolariga chiqaradi.

Vivianning kolleksiyasini uch kishi, ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi Jon Maluf, Ron Sletteri va Rendi Pro ism-sharifli shaxslar sotib olishadi.

Vivian Mayyerni dunyoga tanitgan Jon Maluf
Foto: firewireblog.com

Vivianga tegishli narsalarning asosiy qismini, 30 mingta plyonkani Jon Maluf sotib olgandi. Bundan tashqari, u auksion o‘tkazilgan kuni sotib olishga ulgurmagan fotosuratlarini yangi egasidan xarid qiladi.

Ayolga tegishli fotosuratni ilk bor internetga 2008 yilda Ron Sletteri joylaydi. Biroq ular o‘sha paytda ommaning e’tiborini tortmaydi.

Maluf suratlarning noyobligini ko‘rib ularni tushirgan ayolni qidira boshlaydi. Internetdan izlab ko‘rganida hech qanday ma’lumot uchramaydi.

2009 yil aprel oyida u tasodifan Chicago Tribune gazetasida o‘zi qidirayotgan ayol Vivian Mayyerning vafoti munosabati bilan berilgan nekrologni ko‘rib qoladi.

2009 yil oktyabr oyida Jon Maluf Vivianga tegishli fotosuratlardan bir qanchasini internetdagi Flickr tarmog‘iga yuklaydi. Shunda rasmlar keng ommaning qiziqishiga sabab bo‘ladi. Vivian qoldirgan noyob kolleksiya haqidagi xabar hamma yoqqa tarqaydi.

2010 yilda chikagolik kolleksioner Jyeffri Goldshteyn auksiondan Vivianga tegishli plyonkalarning bir qismini sotib olgan Rendi Prodan ularni salmoqli pulga xarid qiladi. Plyonkalarning soni 17,5 ming dona edi.

2014 yilda u boshqa bir kolleksionerga Vivianga tegishli plyonkalarni juda yaxshi foyda bilan sotib yuboradi.

Bugun Vivian Mayyer kolleksiyasida saqlangan barcha plyonkalarning 90 foizi Jon Maluf o‘z nomida tashkil etgan Maloof kolleksiyasida saqlanmoqda. Ularda 100 mingdan 150 ming donagacha kadr borligi aytiladi.

Vivianning kolleksiyasi ommaga oshkor bo‘lgach, ularga xalqaro darajada qiziqish ortib ketadi. Shundan so‘ng Maluf kolleksiyadagi ko‘plab kadrlarning fotosuratlarini chiqarib turli namoyishlarda qatnashadi. Bu jarayon hanuzgacha davom etmoqda.

Vivian Mayyer tushirgan suratlardan biri. 1960 yillar, AQSh.
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Kolleksiya tufayli sudlashish

Vivian Mayyerning kolleksiyasi mashhur bo‘lar ekan, uning qiymati keskin oshib ketadi. Agar o‘sha paytda ular sotilsa bir necha mln dollarga ham sotib oladigan xaridorlar bor edi. Shu sababli unga da’vogarlar chiqa boshlaydi.

2014 yil iyunda advokat va sobiq fotograf Devid K. Dill Meyyer kolleksiyasiga egalik qilayotgan shaxslar ustidan da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladi.

Devid o‘z da’vosida sudga murojaat qilishdan maqsadi Vivian Mayyer kolleksiyasining qonuniy merosxo‘ri — ayolning Fransiyadagi jiyani bor-yo‘qligini aniqlash, agar hayot bo‘lsa, uni Amerika qonunchiligi asosida tan olish ekanini aytadi.

AQSh mualliflik huquqi qonuniga ko‘ra, fotografiya mahsulotlariga egalik qilish mualliflik huquqiga egalik qilishdan farq qiladi. Qolaversa, agar potensial da’vogarlar AQShdan tashqarida yashasa sud jarayoni o‘n yillab cho‘zilishi mumkin va bu uzoq davom etadigan jarayon hisoblanadi.

Jon Maluf ham anoyi emasdi. U o‘z vaqtida Vivian Mayyerning Fransiyaga ko‘chib ketgan jiyanini topgan va undan kolleksiyaning mualliflik huquqini arzimagan pulga sotib olgandi. Shu sababli sud Malufning foydasiga hukm chiqaradi.

Biroq Devid yon bergisi kelmaydi va u appelyatsiya beraveradi. U Vivian Mayyerning boshqa jiyanini topganini va uning ham kolleksiyaga egalik qilish haqi borligini aytib chiqadi.

Vivian Mayyer tushirgan surat
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Oxir-oqibat Illinoys shtatidagi Kuk okrugi ma’muriyati Mayyer mulki nomli maxsus tuzilma tashkil etadi. Tuzilmaga Vivianning kolleksiyasiga egalik qilayotganlar ma’lum miqdorda pul to‘lashlari belgilanadi.

2016 yil yilda okrug ma’muriyati va Jon Maluf Vivian Mayyer kolleksiyasi bo‘yicha to‘lov miqdorini kelishishadi. Maluf pullarni to‘lab beradi va unga Mayyerning kolleksiyasidan foydalanish huquqi qonuniylashtirib beriladi.

Mayyer kolleksiyasining ozroq qismiga egalik qilib kelayotgan Goldshteyn esa Kuk okrugi tashkil etgan tuzilmaga pul to‘lashni xohlamaydi va okrug ma’muriyatini sudga beradi. O‘shandan buyon okrug ma’muriyati va Goldshteyn o‘rtasidagi bahslar davom etib kelmoqda.

Vivian Mayyerning xazinasi

Vivian Mayyer suratga olgan kadrlar bugun juda noyob hisoblanadi. Uning fotosuratlari o‘tgan asrning 60-70 yillaridan hikoya qiluvchi juda muhim manba. Ayniqsa, uning dunyoning turli joylaridan tushirgan suratlari bugun juda qadrlandi.

Vivian Mayyer tushirgan surat
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Taniqli fotograf Meri Ellen Mark Mayyerning ishlarini mashhur fotograf Helen Levitt, Robert Frenk, Lizett va Diana Arbusning ishlariga taqqoslagan. Shuningdek, ko‘cha fotografi Joel Meyyerovits Mayyerning ishlarini yuqori baholagan.

Mayyerning eng mashhur fotosuratlari 1950 va 1960-yillardagi Chikago va Nyu-York ko‘chalari tasvirlari hisoblanadi. O‘sha suratlarda bu ikki shahardagi juda ko‘p binolarning, jamiyatning turli qatlamiga mansub bo‘lgan odamlarning tasvirlari bor.

O‘sha tasvirlarni ko‘rib 1950-1960 yillarda Chikago va Nyu-Yorkda odamlar qanday yashagani, o‘sha davrda nimalar va qanday kiyimlar, avtomobillar urfda bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Vivian Mayyer aksariyat suratlarini o‘z qahramonlariga sezdirmay tushirishga muvaffaq bo‘lgan va ana shu narsa ularning tabiiy chiqishiga sabab bo‘lgan.

Vivian Mayyer olgan surat
Foto: vivianmaier.blogspot.com

Vivian o‘zining birinchi fotoapparatini 1952 yilda sotib oladi. Bu Rolleiflex kamerasi edi. Ayol suratga olishni o‘sha yili boshlaydi. Keyinroq u Rolleiflex fotoapparatlarining mukammallashgan modellarini ham ishlatadi.

Bundan tashqari, ayol uzoq masofalarni ham tasvirga olish imkoniyatiga ega bo‘lgan Leica IIIc, Ihagee Exakta, Zeiss Contarex va boshqa fotoapparatlardan ham foydalanadi.

Vivian Mayyerning ishlariga zamonaviy fotograflar juda yuqori baho berishgan va garchi havaskor fotograf bo‘lsa-da uning suratlari professional fotograflarning ishlaridan qolishmasligini ta’kidlashgan.

Jumladan, fotograf Uilyam Meyyersning yozishicha, Vivian Mayyer o‘rta formatli Rolleiflex fotoapparatidan foydalangani uchun uning suratlari boshqa ko‘cha fotograflarining ishlaridan yaxshiroq chiqqan.

Uning fikricha, Mayyer suratlari mashhur fotograflar Garri Kallahan, Garri Vinogrand, Uiji va Robert Frankning ishlarini eslatadi.

Fotograf Robert Smitning fikriga ko‘ra garchi havaskor bo‘lsa-da Mayyer olgan suratlar 20-asrning ko‘plab mashhur fotograflarini eslatadi. U “Mayyerning ishlari 20-asr ko‘cha fotografiyasi tarixini to‘ldirib turadi va ular mashhur fotograflarning ishlariga juda yaqin”, degandi.

Vivian Mayyer tushirgan surat
Foto: vivianmaier.blogspot.com

“Oskar”ga nomzod bo‘lgan hujjatli film

Jon Maluf Vivian Mayyerning kolleksiyasiga egalik qilar ekan, u ayol haqida kitob yozishga va o‘sha asosida hujjatli film suratga olishga qaror qiladi.

2013 yilda Jon Maluf va Charli Siskel hamkorligida suratga olingan “Vivian Mayyer izidan” deb nomlangan hujjatli film ekranlarga chiqariladi. Filmda Mayyerning hayoti haqida hikoya qilinadi.

Film taqdimoti Torontodagi xalqaro kinofestivalda o‘tkaziladi va u tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi.

Bundan tashqari, filmda Vivian enagalik paytida g‘amxo‘rlik qilgan va allaqachon ulg‘aygan bolalar ayol haqidagi o‘z xotiralarini gapirib berishadi. Ana shu xotiralardan ayol enagalik qilish bilan birga havaskor fotograflik qilish uchun tinmaganini bilish mumkin.

Ushbu film 2013 yilda “Eng yaxshi hujjatli film” yo‘nalishi bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli “Oskar” kinomukofotiga nomzod bo‘ladi. Biroq mukofotni ololmaydi. Shunday bo‘lsa ham tanqidchilar mazkur hujjatli filmga ijobiy baho berishgan.

"Vivian Mayyerni izlab" hujjatli filmi uchun ishlangan banner

Bundan tashqari, 2013 yilda rejissyor Jil Nikolsning “Vivian Mayyer: enagani kim suratga oldi?” hujjatli filmi (mazkur filmni suratga olish ishlariga BBC homiylik qilgan) va “Vivian Mayyerning siri” hujjatli filmlari omma e’tiboriga havola etiladi.

2017 yilda rejissyor Rayan Xuang “Ko‘zgudagi ayol” qisqa metrajli filmini chiqaradi. Shu yili Chikago universiteti kutubxonasi Jon Maluf Vivian Mayyer merosidan keladigan barcha daromadni xayriya ishlarga sarflashga qaror qilgani haqida xabar beradi.

Hujjatli filmlardan tashqari Vivian Mayyer haqida o‘ndan oshiq turli kitoblar yozilgan. Ularning ayrimlari fotograf ayolning hayoti haqida hikoya qilsa, boshqalari uning fotosuratlarini sharhlangan.

Vivian Mayyer fotosuratlarining ilk ko‘rgazmasi 2010 yilda o‘tkazilgan. O‘shandan buyon har yili bir necha martadan dunyoning yirik shaharlarida uning fotosuratlari ko‘rgazmalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ўхшаш янгиликлар