• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +24°C
Detail image

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan "Aral Dream" loyihasi doirasida “Sho‘rxok” qisqa metrajli badiiy filmi tasvirga olindi. Film g‘oyasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovga tegishli.

Filmda mashhur suratkash Orol dengiziga butun fojiani bitta kadrda suratga olish imkonini beradigan mukammal manzarani topish uchun keladi. Ammo buning o‘rniga u dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan keksa ayolga duch keladi. Uning yordamida suratkash odamlar dengiz bilan qanchalik chambarchas bog'liqligini tushunadi.

18 daqiqalik kartinada Orol dengizining ajoyib tabiati aks etgan. Filmni tomosha qilib, siz mahalliy aholi madaniyati va hayoti bilan yaqindan tanishishingiz, shuningdek, dengiz yon-atrofda yashovchi kishilar uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini his qilishingiz mumkin.

"Sho‘rxok" filmini suratga olishdan maqsad Orolbo‘yi muammolarini jahon sahnasiga olib chiqishdir. Ingliz va rus tillarida subtitrlar bilan yaratilgan film xalqaro festivallarda ishtirok etishi ko’zda tutilgan. Qolaversa, uni xorijiy telekanallarda namoyish qilish masalasi muhokama qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, “Sho‘rxok” filmi premyerasi shu yilning 1-oktabr kuni Berlinda "O‘zbekistonlik" xalqaro forumida bo‘lib o‘tdi. Uni YouTube tarmog’ida ham tomosha qilish mumkin.

Film rejissori – Umid Hamdamov, bastakori – Adham Abdurayimov, operatori esa Jahongir Ibrohimovdir. Kartinaga Muxlisa Azizova, Oybek Abdushukurov va Nikita Makarenko produserlik qilgan.

"Sho‘rxok"da aktyor Erkin Bozorov, shuningdek, qoraqalpoq rassomlari Arzixan Naurizova va Alisher Akimovlar rol ijro etishgan.

Ўхшаш янгиликлар