• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Ташкент: +27.1°C
Detail image

Qashqadaryo viloyatining yarim yillik yakunlari masʼullar va deputatlar ishtirokida tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi

Yig‘ilishda barcha viloyat hokimi o‘rinbosarlarining tahliliy hisobotlari tinglanib, bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼullarga quyidagicha intizomiy jazo choralari qo‘llanildi:

- 2024-yilda viloyatni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan maqsadli ko‘rsatkichlarning joriy yil birinchi yarim yilligida ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun G‘uzor, Chiroqchi, Yakkabog‘ tumanlari hokimlariga navbatdagi intizomiy jazo chorasi, Chiroqchi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Ergashevga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining “o‘ttiz foizi” miqdorida intizomiy jazo chorasi, Qarshi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari X.Turdiyevga “hayfsan" intizomiy jazosi qo‘llanildi.

- Joriy yilning birinchi yarim yilligida hududlarni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning ijrosini taʼminlashda yetarli darajada ish tashkil eta olmay, masʼullarga nisbatan talabchanlikini susaytirib yuborganligi uchun Dehqonobod, Koson, Yakkabog‘ tumanlari va Qarshi shahar hokimining birinchi o‘rinbosarlariga 9-oylik yakunlari bo‘yicha ish faoliyatida ijobiy o‘zgarish qilinmasa, keskin intizomiy jazo choralari qo‘llanishi haqida ogohlantirildi.

- Kredit ajratish ishlarini to‘g‘ri tashkil eta olmagan “Asaka bank” Qarshi filiali, "Turon bank" Qarshi va Shahrisabz filiali, "Agro bank"ning Koson, Yakkabog‘ filiallari, “Mikrokreditbank”ning Koson, Qamashi, Beshkent filiallari, "Xalq banki"ning G‘uzor, Koson, Qamashi, Beshkent, Shahrisabz filiallari rahbarlariga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llash taklifi berildi.

- Investitsiyalar hajmini oshirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun Qarshi, Muborak tumanlari hokimlari, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari F.Aliboyev va boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari R.Axrorov, G‘uzor, Qarshi, Muborak, Yakkabog‘ tumanlari hokimining o‘rinbosarlari - tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshliqlariga intizomiy jazo chorasi “hayfsan” eʼlon qilindi. Chiroqchi tumani hokimining o‘rinbosari - tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘iga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining “o‘ttiz foizi” miqdorida intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa, Koson tumani hokimining o‘rinbosari - tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘ining lavozimiga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Kasbi tumani hokimining o‘rinbosari- tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod etilganligi eʼlon qilindi.

- 2024-yilda viloyatni qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va bunyodkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan maqsadli ko‘rsatkichlarning joriy yil birinchi yarim yilligida ijrosini taʼminlashda o‘z vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondoshganligi uchun Koson, Kasbi tumanlari va Shahrisabz shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi “hayfsan” eʼlon qilindi. Yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomiga rioya qilmasdan, debitor qarzdorliklarni oshirganligi uchun Koson, Kitob va Qamashi tumanlari hokimlari ogohlantirildi.

Yig‘ilishda joriy yil birinchi yarim yilligi tahlili bilan bir qatorda yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi. 6 oy davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Подобные новости