• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Ташкент: +21.9°C
Detail image

Joriy yilning 13-14-may kunlari Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasining Kongress-markazida o‘tkaziladigan “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumiga tayyorgarlik jarayonlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur forumni o‘tkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yana-da kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan edi.

Forumda Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Forum 10 ta parallel sessiya doirasida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalarini muhokama qiladilar.

Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ko‘rib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentlarning o‘rni, genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

“Yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolarga taʼsiri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham ko‘rib chiqiladi. Forum yakuni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Подобные новости