• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Ташкент: +27.1°C
Detail image

Keyingi paytlarda dunyo aholisi orasida nafas a’zolari bilan bog‘liq xastaliklarga chalinish holatlari ortib bormoqda. Ulardan biri astma kasalligidir.

Xo‘sh, u qanday xastalik? Uning o‘ziga xos belgilari, davolash usullari qanday?

SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva javob beradi.

 — Astma jiddiy yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sirasiga kirib, nafas yo‘llarining yallig‘lanishi va torayishi bilan tavsiflanuvchi surunkali o‘pka xastaligi hisoblanadi. Astma so‘zi yunon tilidan tarjima qilinganda "bo‘g‘ilish", "og‘riq" degan ma’nolarni anglatib, u doimiy va takrorlanib turadigan bo‘g‘ilish xurujlari bilan kechadi.

Bronxial astma — bronxlarning allergik yoki infeksion sabablarga ko‘ra surunkali tarzda yallig‘lanishi hisoblanib, xastalik allergen omillarga bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan turlarga bo‘linadi.

Tibbiyotda allergenlar asosan to‘rt guruhga ajratiladi: daraxt gullarining changi, uy changlari, hayvon yungi va boshqalar. Noallergik sabablar sifatida jismoniy yuklamalarning ko‘pligi, ruhiy tushkunlik, sovuq havo kabilarni kiritish mumkin. To‘g‘ri, sovuq havo, virusli infeksiyalar, o‘tkir hidlar, asabiylashish allergen hisoblanmaydi, biroq mazkur omillar astma xurujiga turtki bo‘lishi mumkin.

Xastalik kecha-yu kunduz muntazam yo‘tal, bo‘g‘ilish va nafas chiqarishning qiyinligi, jismoniy mashqlar paytida bo‘ladigan yo‘tal, ko‘krakning "hushtak" chalishi, allergenlar bilan muloqotda bo‘lganda xurujlarning qo‘zg‘alganligi hamda ko‘krak qafasidagi noqulaylik kabi belgilar bilan kechadi.

Bemorning nafasi qisilganda tananing diafragma sohasida kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Xuruj yo‘tal tutishi bilan birga kelib, bronxlar ichki yuzasidagi balg‘am chiqarib tashlangach, bemor ahvoli birmuncha yaxshilanadi. Kasallik xurujida o‘pka alveolalarida gazlar almashinuvi keskin susayadi. Bu esa organizmning kuchsizlanishi, nutq muammolari va taxikardiya (yurakning tez urishi)ni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, ba’zilarda kasallik xuruji jismoniy yuklamalardan so‘ng yanada kuchayadi. Ayrimlar esa sovuq havoda nafas olganida ham o‘zini yomon his qiladi. Bu, albatta, tananing individual xususiyatiga bog‘liq.

Ushbu xastalikka jiddiy e’tibor qaratish va shifokor ko‘rsatmalariga so‘zsiz rioya qilish zarur. Aks holda turli ko‘ngilsiz hodisalar kelib chiqadi. Agar o‘z vaqtida muolaja qilinmasa, astma, hatto, intensiv davo talab qiluvchi og‘ir holatlarga ham olib kelishi mumkin. Shu bois unga e’tiborsiz bo‘lish aslo yaramaydi.

Bu dard bilan og‘rigan insonlarga shifokorlar yilda ikki bor tabiat qo‘ynida, ayniqsa, archa ko‘p ekilgan sihatgohlarda hordiq chiqarishni tavsiya etadi.

Shuningdek, iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ham allergik ta’sirlardan xoli bo‘lishi talab qilinadi. Unutmang, agar hayot tarzingizda tartibga rioya qilmas ekansiz, bu xastalik bilan kurashish anchayin qiyin kechadi.

Подобные новости