• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Ташкент: +23.1°C
Detail image

Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi kuzatildi. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

Joriy yil oxiriga inflyatsiya 8-9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga taʼsiri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning yanvar-fevral oylariga
nisbatan yuqori surʼatlarda o‘sdi. Shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkin.

Umuman olganda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi, keyingi choraklarda esa bazaviy prognoz doirasida 5,5-6 foiz bo‘lishi borasidagi kutilmalarni kuchaytirmoqda.  

O‘tgan yilgi va joriy yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusi choraklarda yalpi isteʼmol faolligini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘ladi. 

Ayni paytda, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar doirasida shakllanayotganligi hamda aholi real daromadlarining joriy o‘sish surʼatlari kelgusida isteʼmol talabiga qo‘shimcha proinflyatsion bosim yaratmaydi.

Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Ishchi kuchiga talabning asosiy o‘sishi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu sohada ish haqilarning yuqori shakllanishga ham olib kelmoqda. Ayni paytda, xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda mazkur sohalarga investitsiyalar hajmi va joriy isteʼmol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.

Import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori o‘sishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligining saqlanib qolishini ham bildiradi. 

Joriy operatsiyalar hisobining muvozanatga kelishi belgilangan fiskal intizomning taʼminlanishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotni ekspor salohiyatini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qoladi. Banklararo pul bozorida yil boshidan yuqori faollik va pul-kredit instrumentlaridan foydalanish hajmining ortib borishi fonida UZONIA foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib boradi.

Jamg‘arish faolligi oshishda davom etib, bu xususan, milliy valyutadagi depozitlar hajmi o‘sishida namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, depozitlarning yillik o‘sish surʼatlari kreditlash hajmining o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Banklarning resurs bazasida ichki va xususiy manbalar ulushi ortib borishi, o‘z navbatida, bozor foiz stavkalarida aks etadi.

Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida so‘nggi oylarda sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

 Ayni paytda, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar qisqa muddatli pullar narxini pasaytirish orqali kelgusida kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining ham pasayishiga zamin yaratib boradi.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarish dinamikasiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 25 aprelga belgilangan.

Подобные новости