• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Ташкент: +24°C
Detail image

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi.

To‘rtinchi yo‘nalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

IT-park rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Maʼlumotlar markazi” barpo etilayotgani taʼkidlandi. Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sunʼiy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bag‘ishlaydi.

Beshinchi yo‘nalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. O‘zbekiston qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor eʼtibor qaratmoqda.

Temir yo‘l sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

Maʼlumki, xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

O‘zbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk Ipak yo‘lini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qiladi.

“Sizlarga muhim bir fikrni yetkazmoqchiman: har bir tashabbus, har bir loyihangiz bo‘yicha davlatimiz, hukumatimiz aʼzolari sizlarga yelkadosh bo‘lib, yoningizda turib, ularni to‘liq amalga oshirishda yaqindan yordam beradi. Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir”, - dedi prezident nutqining yakunida.

Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yana-da yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Подобные новости